SHOGIRDCHILIKDA KEYINGI QADAM
Bizlar hamma narsani birdan tushunmaymiz, balki qadamba qadam tushunib, qilib muvaffaqiyatli bo‘lib boramiz. Iso Masih ham shogirdlariga: “Sizlarga ko‘p narsalarni aytmoqchiman, lekin sizlar sig‘dira olmaysizlar”,degan(Yuh.16:12). Shu uchun qadamba qadam o‘rganishga, bajarib muvaffaqiyatli bo‘lishga yuragimizni yo‘naltirishimiz lozim.
Bugun jamoatimiz maqsadi, mas’uliyat olishning ahamiyati, Masih ortidan borish sharti, muvaffaqiyatli bo‘lish uchun jon- jahd bilan harakat qilish lozimligi haqida suhbatlashamiz.
1.JAMOATIMIZ MAQSADI YO VIDEN’ESI:
Bizlar odamlarni bir joyga, binoga to‘plamoqchi emasmiz.
Bizlar binoda odamlarni trening, seminarlarda xizmat qilishga o‘rgatib, tayyorlab dunyoga yubormoqchimiz, ular orqali odamlar yashaydigan, ishlaydigan, o‘qiydigan joylarda 20-30kishidan iborat(ko‘p ham, kam ham bo‘lishi mumkin odamlar) uy jamoatlari ochmoqchimiz. Odamlarimiz 200dan oshsa bino olib, ro‘yxatdan o‘tkazimishim mumkin, toki jamoatimizning treninglar va seminarlar, xizmatlar o‘tkazish uchun o‘z binosi bo‘lsin.
Binoga to‘plashning ijobiy tomoni: 1)Odamlar Xudoning uyiga qatnashni o‘rganishadi. 2)Xudoning So‘zini eshitib o‘rganishadi.
Salbiy tomoni: 1)Binoda xizmat qilayotgan xizmatchilar bor, shu uchun xizmatkorlik iqtidoriga ega bo‘lganlar o‘sha joyda xizmatda bo‘lmasalar quruq eshituvchiga aylanadilar, Xudo Shohligida xizmat qiluvchilar soni kamayadi. 2)Hamma ham binoga bormaydi, bormaganlar oziqsiz qolib ketadilar. 3)Quvg‘in tufayla bino yopilsa, odamlar oziqsiz qolib ketadi.
Shu uchun bizlar har bir uyni Xudoning uyiga aylantirishimiz, odamlarni uyi bilan Xudoga xizmat qilish baraka keltirishini o‘rgatib, uylarda jamoatlar ochishimiz kerak.
Muqaddas Yozuv ham ma’badda, ham uylarda yig‘ilish haqida aytadi. HAv.2:46. Har kuni yakdillik bilan ma’badda yig‘ilib turishar, uylarda esa non sindirib, xursandchilik va soddadillik bilan ovqatlanar edilar.
Mat.18:20. Chunki qaerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig‘ilsa, Men u yerda ularning orasida bo‘laman.
Demak, har bir ochiq uyni XUdoning uyiga aylantirish maqsadi sari intilaylik, toki bir joyda emas ming joylarda jamoatlar ko‘tarilsin!
2.MASIH ORTIDAN YURISHNING SHARTI
Mat.16:24-27. 24. Shunda Iso O‘z shogirdlariga dedi: –Agar kim Mening ortimdan yurishni istasa, o‘zidan voz kechsin va o‘z xochini ko‘tarib, Menga ergashsin. 25 Chunki kim jonini saqlab qolmoqchi bo‘lsa, uni yo‘qotadi. Lekin kim Men uchun jonini yo‘qotsa, uni topadi. 26 Zero agar odam butun dunyoni qo‘lga kiritsa-yu, ammo o‘zining jonini yo‘qotsa, unga nima foyda? Yoki odam o‘zining joni uchun qanday to‘lov beradi? 27 Chunki Inson O‘g‘li O‘z Otasining shuhratida O‘z farishtalari bilan kelib, har kimning qilmishiga yarasha taqdirlaydi.
1)O‘zidan voz kechish. Biz Masih ortidan yurmoqchi bo‘lsak o‘z maqsad va istaklarimizdan voz kechishimiz lozim. O‘shandagina Masih ortidan bora olamiz.
2)Xochini ko‘tarish. Masih ortidan borayotganimizda turli vasvasalar keladi, biz doimo gunohni va xudbinligimizni xochga mixlashimiz, gunoh uchun o‘liklik holatida bo‘lishimiz lozim.
3)Masihga ergashish. XUdo harakatda, biz uyda o‘tirib, yoki odatiy xizmatimizni yillar davomida qilib yurib o‘sa olmaymiz. Biz Masih ortidan harakatda bo‘lishimiz lozim.
Shunda hosil keltiramiz va Rabbiy kelganida mukofot olamiz.
Ikki jihatdan harakat qilmaslikni istashimiz mumkin. Birinchisi, qo‘rqish tufayli, ikkinchisi qulaylikdan kechishni istamaslik tufayli. Chunki shogirdchilik harakati doim harakatda bo‘lishni, yangi joylarga borish, tinchlik odamlarini topish, yangi shogirdlar, guruhlar, jamoatlar ko‘tarishni nazarda tutadi. Ba’zilar yangilikdan qo‘rqadi, ba’zilarga erishgani, odatiy xizmati qulay. Lekin xizmatga bizlar sayohatdek qarashimiz lozim. Yangi joylarga sayohat va yangi sarguzashtlar. Masih ortidan harakat qilganimizda bizlar yangiliklar, Uning mo‘’jizalari va kuchini ko‘ramiz, hayotimiz va xizmatimiz g‘ayritabiiy bo‘ladi.
Rim. 15:18- 21. 18. Chunki Masih majusiylarni bo‘ysundirish uchun men orqali so‘zda va ishda qilmagan biror narsa haqida gapirishga jur’at eta olmayman. 19 Masih buni qudratli alomatlaru mo‘’jizalar va Xudo Ruhining kuchi bilan ijro etdi. Shunday qilib, men Yerusalim va uning yon- atrofidan boshlab, to Illirikagacha Masihning xushxabarini to‘liq voizlik qildim. 20 Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustida qurmaslik uchun Masihning nomi hali ma’lum bo‘lmagan yerlarda Xushxabarni voizlik qilishga jon kuydirdim. 21 Xuddi yozilganidek: “U haqida bexabar bo‘lganlar ko‘radilar, U haqida eshitmaganlar anglaydilar”.
Shunday ekan, yangi janglar va g‘alabalar, sinov va mo‘’jizalar, hosil va mukofotlar sari olg‘a!
3.MAS’ULIYAT OLISH
Sud’yalar8:22-27.Isroilliklar Gideonga: ―Sen, sening o‘g‘ling, sening o‘g‘lingning o‘g‘li bizning ustimizdan hukmronlik qilgin, zero sen bizlarni midianliklarning qo‘llaridan xalos etding, ―dedilar. 23 Gideon ularga: ―Men ham sizlarning ustingizdan hukmronlik qilmayman, mening o‘g‘lim ham sizlarning ustingizdan hukmronlik qilmaydi; Rabbiy sizlarning ustingizdan hukmronlik qilsin, ―dedi. 24 Gideon ularga yana dedi: ―Sizlardan bir narsani so‘rayman, menga har biringiz o‘z o‘ljangizdan bittadan zirak beringlar. (Zero dushmanlarda ko‘plab oltin ziraklar bor edi, chunki ular Ismoiliylar edilar). 25 Ular: ―Beramiz, ―dedilar. Ular kiyimlarni yoydilar va har birlari u yerga o‘z o‘ljasidan bittadan zirak tashladilar. 26 U so‘rab olgan oltin ziraklarning vazni bir ming yetti yuz sheqel oltin bo‘lib, bu Midian podshohlarida bo‘lgan qirmizi kiyimlar, tugmalar, shodalardan tashqari hamda ularning tuyalarining bo‘yinlarida bo‘lgan oltin zanjirlardan tashqari edi. 27 Gideon bundan efod qildi va uni o‘z shahrida, Ofrahda qo‘ydi. Isroilliklarning hammasi o‘sha yerga uning ortidan zinokorona bora boshladilar va u Gideon hamda uning xonadoni uchun to‘r bo‘ldi.
Men Gideonning xalqqa: “Men ham, o‘g‘illarim ham sizlarga hukmronlik qilmaydi, Rabbiy hukmronlik qilsin”, deganini o‘qiganimda naqadar ruhiy odam deb o‘ylar edim, pastidagi qilgan ishiga esa ahamiyat bermas edim. Yaqinda cho‘ponlar yig‘inida shu parcha tahlil qilinganida bu parchani chuqurroq o‘yladim va ko‘p narsalar boshqacha ochildi. Avvalo, Gideon Musodan keyin yashagan. Muso xalqiga Xudoning So‘zini o‘rganib va xalqini boshqarib Xudo tomonidan qo‘yilgan xalqning yetakchisi qanaqa bo‘lishi kerakligining namunasini ko‘rsatgan edi. Gideon esa xalqiga XUdoning So‘zini o‘rgatishni ham, ularni Xudoning ortidan olib yurishga ham mas’uliyat olmadi. Natijada, xalqi butparastlikka berildi, keyinchalik cho‘risidan tug‘ilgan o‘g‘li 69o‘g‘lini o‘ldirdi va o‘zi ham o‘lib ketdi. Agar Gideon oilasi va xalqiga Xudoning so‘zini o‘rgatganida, ularni boshqarganida bular sodir bo‘lmasligi mumkin edi.
Biz ham: “Muqaddas Ruh xalqni boshqaradi, U Xudoning So‘zini o‘rgatadi”,deyishimiz mumkin. Lekin bizlar qilishimiz kerak bo‘lgan ish bor, Muqaddas Ruh qilishi kerak bo‘lgan ish bor. Agar bizlar qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilmasak bu mas’uliyatsizlik hisoblanadi va bu uchun bizlar avvalo jazolanamiz, keyin hosildan hamda mukofotdan mahrum bo‘lamiz.
Yer. 48:10. Kim Rabbiyning ishini pala-partish qilsa, u la’natidir. Kim Rabbiyning qilichini qondan tutib tursa, u la’natidir!
Rabbiy ishini yuzaki, tartibsiz qilish mumkin emas. Kechikish, qoldirish, unutish mumkin emas. Har bir odam, guruh, jamoat uchun vaqt, kun, joyni belgilab, qoldirmay o‘tish lozim. Agar odamlar kelishmasa, o‘zimiz boshqa joylarga borishimiz, yoki shu kunni ibodatga bag‘ishlab, Dadamizdan uyini chanqoqlar bilan to‘ldirishini so‘rash lozim.
Ba’zilar bilib-bilmay gunoh qilib yuradi, tavba qilmaydi. Ularni fosh qilish, tavba qilmasa kesish kerak, agar ularga jamoatda Xudo belgilagan jazoni qo‘llamasak RAbbiyning qilichini tozalovchi jarrohlikdan tutgan bo‘lamiz va Xudo la’natlaydi.
Keling, qaror qilaylik. Hamma odamlarimizni ro‘yxat qilamiz, ular uchun ibodat qilib, Xudoning so‘zini o‘rgatib, boshqaramiz, toki Muso kabi Xudoning So‘zi bo‘yicha yashaydigan jasur, muqaddas xalq ko‘taraylik!
4. JON-JAHD BILAN XIZMAT QILISH – MUVAFFAQIYATLI XIZMAT SHARTI
Ba’zilar shogirdchilikda harakat qilmoqchi bo‘ladilar, birdan natijaga ega bo‘lmaganlarida umidsizlanadilar, men qila olmayman deb qo‘llarini tushiradilar. Bizlar yodda tutishimiz lozim. Xudoga har qanday xizmatimiz ruhiy dunyoga ta’sir qilishdir. Shayton bunga qarshilik qiladi. Agar biz ibodat orqali Muqaddas Ruh kuchini ozod qilsak, shayton chekinadi va hosilga ega bo‘lamiz.
Mat. 11:12. Yahyo Cho‘mdiruvchining kunlaridan to hozirgacha Osmon Shohligi kuch bilan olinadi, kuch ishlatuvchilar esa uni qo‘lga kiritadilar.
Kelinglar, jon-jahd bilan xizmat qilamiz, yorib o‘tib barqaror hosillarga ega bo‘lamiz!
5.JAMOAT XIZMATLARI KO‘RINISHI
Hav.2:41-47. Shunda uning so‘zini quvonch bilan qabul qilganlar cho‘mdirildilar. O‘sha kuni havoriylarga uch mingga yaqin jon qo‘shildi. 42 Shunday qilib, ular doimo havoriylarning ta’limotida, muloqotda, non sindirishda va ibodatlarda bo‘lar edilar. 43 Har bir jonda qo‘rquv bor edi. Havoriylar orqali esa Yerusalimda ko‘p mo‘’jizalar va alomatlar amalga oshirilar edi. 44 Hamma imonlilar birga bo‘lib, hamma narsalari umumiy edi. 45 Mol-mulklarini sotib hammaga, har kimning muhtojligiga qarab taqsimlar edilar. 46 Har kuni yakdillik bilan ma’badda yig‘ilib turishar, uylarda esa non sindirib, xursandchilik va soddadillik bilan ovqatlanar edilar. 47 Ular Xudoni sharaflar va butun xalqdan iltifot topar edilar. Rabbiy esa najot topganlarni har kuni jamoatga qo‘shar edi.
1)Xushxabarchilik, 2)Cho‘mdirish, 3)ta’limot, 4)muloqot, 5)non sindirish, 6)ibodat, 7)Qurbonlik, ushr, 8)hamdu-sano.
6.JAMOAT XIZMATCHILARINING ASOSIY VAZIFASI
Efesl.4:11-13. U ba’zilarni havoriylar, ba’zilarni payg‘ambarlar, ba’zilarni xushxabarchilar, ba’zilarni cho‘ponlar va muallimlar qilib tayinladi, 12 toki Masihning tanasini barpo etishga xizmat qilishlari uchun muqaddaslarni kamolotga erishtirsinlar. 13 Shu tariqa, hammamiz imonning va Xudoning O‘g‘lini tanib- bilishning birligiga kelib, mukammal insonga, ya’ni Masihning to‘la-to‘kisligining yetukligi me’yoriga erishaylik.
Xudo 5ta xizmat in’omini qo‘ygan: 1)havoriy, 2)payg‘ambar, 3)xushxabarchi, 4)cho‘pon, 5)Muallim.
Qaysi in’omda harakat qilayotganimizni bilishimiz kerak. Jamoatimizda boshqa in’omlar ko‘tarilishi uchun ibodat qilishimiz kerak.
Xizmatchilarning vazifasi- muqaddaslarni, ya’ni imonlilarni Masih tanasida xizmat qilishlari uchun masihiycha yashashni va xizmat qilishni o‘rgatish.
Masih shogirdlari uch yil ichida xizmatchi bo‘lib mustaqil xizmatni bo‘yin olishdi, bir-birlariga va boshliqlariga hisobdor edilar. Bizlar ham uch yil ichida mustaqil xizmatni bo‘yin olib, bir-birimizga va cho‘ponimizga hisobdor bo‘lib xizmat qilishimiz, shogirdlarimizni ham uch yilda ruhan yetilib, mustaqil xizmat qilishga, hisobdorlikka yo‘naltirishimiz lozim.
Xulosa: Bizlar bugun muvaffaqiyatli xizmat qilish uchun muhim narsalar: jamoatimiz maqsadini bilish, Masih ortidan yurishning sharti, mas’uliyat olish, jon-jahd bilan xizmat qilish, jamoat xizmatlari va xizmatchilar vazifasi haqida suhbatlashdik. Xudoning irodasi bizlar hosil keltirishimiz va hosilimiz barqaror qolishidir. Bu uchun doimo ibodat, o‘rganish va jon-jahd bilan xizmat qilish lozim.
RUXSHONA INOYAT