Bizning imonlilik hayotimizdagi ruhiy mashg‘ulotlardan biri bu – Xudoni izlashdir.
Xudo Odam Atoni O‘zi bilan suhbatlashib yashashi, so‘ngra Unga xizmat qilishi uchun yaratgan edi. Shu uchun kunning salqinida bog‘ga kelib, Odam Ato bilan suhbatlashar edi. Lekin er va xotin taqiqlangan mevani yeb gunoh qilganlaridan so‘ng Xudoning huzuridan va suhbatidan qochishdi. Ibt.3:8. So‘ng ular kunning salqinida bog‘da yurgan Rabbiy Xudoning ovozini eshitdilar. Shunda odam va uning xotini Rabbiyning yuzidan qochib, bog‘dagi daraxtlarning orasida yashirindilar. Ko‘rib turibmizki, gunoh Odam Atoni Xudoning suhbatidan ayirdi. Demak gunoh bizlarni Xudodan ayiradi. Shu uchun bizlar gunohdan nari yurib, muqaddas hayot kechirishga qaror qilishimiz kerak.
Insoniyat tarixida Xudo ko‘p bora Uni sevuvchi odamlarni topib, ular bilan suhbatlashib, ular orqali O‘z qudrati va shuhratini namoyon qilgan.
Iso Masih ham shogirdlarini avvalo U bilan birga bo‘lishlari, ya’ni suhbatlashib yashashlari, so‘ngra xizmat qilishlari uchun tanladi. Mark 3:13-15. So‘ng U toqqa chiqib, O‘zi istaganlarni chaqirib oldi va ular Uning oldiga keldilar. 14. Shunda Iso U bilan birga bo‘lishlari uchun va ularni voizlik qilishga yuborish uchun, 15. kasallarni shifolash va jinlarni quvish hokimiyatiga ega bo‘lishlari uchun ulardan o‘n ikki nafarini tanladi.
1.NIMA UChUN XUDONI IZLAShIMIZ KERAK?
1)Muqaddas Kitob umuman odamning yaratilishidan maqsad Xudoni izlash ekanini ochadi
Hav.17:26-27. Butun yer yuzida istiqomat qilish uchun Xudo bir qondan bor odam naslini yaratib, ularga oldindan belgilangan davrlarini va istiqomat joylarini tayin etdi, • 27. toki ular Xudoni izlasinlar, Uni sezmasmikinlar va topa olmasmikinlar, chunki U har birimizdan yiroq emasdir.
Keling, bu oyatni diqqat bilan o‘rganamiz:
• Butun yer yuzida istiqomat qilishlari uchun, faqat Amerika va Yevropada emas;
• Bir qondan bor odam naslini yaratdi: bir millatning boshqa millatni past urishiga ehtiyoj yo‘q, hammamizning kelib chiqishimiz bir.
• Yashash davrlarini tayin etdi;
• Istiqomat joylarini tayin etdi.
Maqsad bitta: Xudoni izlasinlar!
Agar izlasalar: 1)Uni sezadilar. 2)Topa oladilar.
2) Buyuk Amr Xudoni sevish ekan, biz Xudoni bilmasdan, Uni his qilmasdan seva olmaymiz. Shu uchun Xudoni haqqoniy seva olish uchun bizlar Uni izlaymiz.
Masalan: Men turmush o‘rtog‘imni sevaman va sevgi bilan xizmat qilaman. Men u kishini quvontirgim, u kishi kutganidan ko‘proq qilgim keladi, nima uchun? Chunki yaxshi ko‘raman. Agar yaxshi ko‘rmaganimda shunchaki xotinlik burchimni bajargan bo‘lar edim. Lekin nima uchun yaxshi ko‘raman? Chunki u kishi bilan suhbatlashamiz, men u kishining qalblarini bilaman va menga u kishining xarakterlari yoqadi.
Shunday ekan, Xudoni Xudoligicha bilish va sevish uchun bizlar Xudoni izlashimiz kerak.
3) Xudoning So‘zi Xudoni izlashga da’vatlarga to‘la:
A)1Yilnoma 16:11. Rabbiyni va Uning kuchini izlanglar, Uning yuzini doimo izlanglar.
B)Sanolar 104:3-4. Uning muqaddas nomi bilan maqtaninglar! Rabbiyni izlovchilarning yuraklari shod bo‘lsin! 4.Rabbiyni va Uning kuchini izlanglar, Uning yuzini doimo izlanglar.
4) Xudoning So‘zi hayotlarini bayon etgan har bir qahramonlar Xudoni izlab yashashgan. Buning namunasini Muso payg‘ambar va podshoh Dovud misolida ko‘rishimiz mumkin:
Dovud misolida:
San.26:7-14. 7.Yo, Rabbiy, ovozim bilan Senga faryod qilayotganimda meni eshit, menga shafqat qil va javob ber. 8 Sen: “Mening yuzimni izlanglar”, – deb aytganingda mening yuragim Senga dedi: “Sening yuzingni izlayman, yo, Rabbiy!” 9 Mendan O‘z yuzingni yashirma, O‘z qulingni g‘azabingda rad etma. Sen men uchun madad eding, meni tark etma. Meni tashlab ketma, yo, Xudoyim mening Najotkorim! 10 Zero meni otam ham, onam ham tashlab ketdilar, ammo Rabbiy meni qabul qiladi. 11 Yo, Rabbiy, menga O‘z yo‘llaringni o‘rgat va dushmanlarim haqi meni to‘g‘ri yo‘lakdan yetakla. 12 Dushmanlarimning ixtiyoriga meni topshirma, chunki soxta guvohlar menga qarshi ko‘tarilib zulm bilan nafas olmoqdalar. 13 Ammo men Rabbiyning ezguligini tiriklar yerida ko‘rishimga ishonaman. 14 Rabbiyni kutgin, dadil bo‘lgin, yuraging mustahkamlansin! Rabbiyni kutgin!
Muso misolida:
Chiq.33:13-23. 13.Shuning uchun agar men Sening nigohingda iltifot topgan bo‘lsam, iltijo qilaman: Menga O‘z yo‘lingni ochgin, toki Sening nigohingda iltifot topishim uchun Seni chuqur bilayin. Bu xalq Sening xalqing ekanini o‘ylagin. 14 Rabbiy Musoga: –Mening O‘zim boraman va seni oromga olib kiraman, –dedi.15 Muso esa Unga dedi: –Agar Sening O‘zing bizlar bilan bormaydigan bo‘lsang, bizni bu yerdan olib chiqmagin. 16 Aks holda, men ham, xalqing ham Sening nigohingda iltifot topganimiz qanday bilinadi? Sen biz bilan birga borganingdan emasmi?! Shunda men ham, Sening xalqing ham yer yuzidagi hamma xalqlardan farq qilamiz. 17 Shunda Rabbiy Musoga: –Sen so‘ragan narsani ham Men qilaman, chunki sen Mening nigohimda iltifot topding va Men seni ismingdan bilaman, –dedi. 18 Muso: –Iltijo qilaman – menga shuhratingni ko‘rsatgin, – dedi. 19 Rabbiy esa dedi: –Men butun shuhratimni sening oldingdan o‘tkazaman va Yahveh ismimni sening oldingda e’lon qilaman hamda iltifot qiladiganimga iltifot qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman.
Masihiylik – shunchaki Xudoning borligini bilish emas, balki Xudo bilan suhbatlashib yashashdir! Xudo hayotimizga kelishini istasak har kuni Uni izlashimiz kerak. Chunki U “Menga yaqinlashsalaring, Men ham sizlarga yaqinlashaman”, –demoqda(Yoqub.4:8). Biz U tomonga bir qadam qo‘ysak, U ham biz tomonga bir qadam qo‘yadi, biz qo‘ymasak U ham qo‘ymaydi.
2. XUDONI QANDAY IZLASh MUMKIN:
• SO‘ZI ORQALI
• IBODATDA
• TABIATNI KUZATIB
3. XUDONING SO‘ZI – XUDONI QANDAY IZLASAK TOPIShIMIZNI OChADI:
1)Qonunbuzar o‘z yo‘lini qoldirsin.
Isha’yo 55:6.Rabbiyni Uni topish mumkin bo‘lganida izlanglar; U yaqin bo‘lganida Uni chaqiringlar. 7.Betavfiq o‘z yo‘lini, qonunbuzar esa o‘z niyatlarini qoldirib, Rabbiyga, bizning Xudoyimizga qaytsin va U shafqat qiladi, chunki U ko‘p kechirimlidir.
Demak So‘zni o‘qib, itoat qilib muqaddas yashashimiz kerak.
2)Chin yurakdan, sidqidildan.
Yeremiyah 29:11.Faqat Men sizlar haqingizdagi maqsadlarimni bilaman, – deydi Rabbiy, – bular sizlarga kelajak va umid berish uchun yovuzlikka emas, ezgulikka bo‘lgan maqsadlardir. 12.Sizlar kelib, Meni chorlaysizlar va ibodat qilasizlar, shunda Men sizlarni eshitaman. 13. Sizlar Meni izlaysizlar va agarda butun yuragingiz bilan izlasangizlar Meni topasizlar.
Butun yuragimiz bilan, chanqoqlik bilan izlash kerak.
4.XUDONI IZLAShDAN MAQSAD UNI TANIB- BILIShDIR
1)Xudoni tanib- bilganimizda Uning shuhratini ko‘ramiz.
Mana dunyoning odamlari mammonaning, ya’ni pulning shuhratini ko‘rganlar. Shu uchun pulni yaxshi ko‘radilar.
Bizlar ham Xudoning shuhratini ko‘rganimizda, bizga dunyoda Xudodan boshqa hech kim va hech narsa kerak bo‘lmaydi. Chiqish 33:18-19. Muso: –Iltijo qilaman – menga shuhratingni ko‘rsatgin, – dedi. 19 Rabbiy esa dedi: –Men butun shuhratimni sening oldingdan o‘tkazaman va Yahveh ismimni sening oldingda e’lon qilaman hamda iltifot qiladiganimga iltifot qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman.
2)Xudoni tanib- bilganimizda hayotimiz va xizmatimiz uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga erishamiz. 2Pet.1:2-3. Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib-bilishingiz uchun sizlarga inoyat va tinchlik ko‘paysin. 3 Xudo bizni O‘zining shuhrati va ezguligi bilan da’vat qildi. Uning ilohiy kuch-qudratidan Uni tanib-bilishimiz orqali bizning hayotimiz va diyonatimiz uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bizga ato qilindi.
5. XUDO BILAN ShAXSIY MUNOSABATLAR IBODATI VOSITASIDA XUDONI IZLASh VA UNGA YaQINLAShISh
Sevuvchi ota bola munosabatlari –Xudo bilan munosabatimiz timsolidir.
Tasavvur qiling: bolasini sevadigan ota bor. U bolasining ruhi, joni, tanasi kamoloti haqida o‘ylaydi. Bolasining ichki dunyosi bilan qiziqadi, uni yupatadi, ruhlantiradi; tarbiyalaydi, yo‘naltiradi; birga dam oladi, o‘qishga, ishga yo‘naltiradi; o‘qitadi, yediradi, kiydiradi; kamolotga yetkazib, o‘z korxonasiga o‘rinbosar qilib ishga olishni o‘ylab qo‘yadi. U bolasi bilan shaxs sifatida suhbatlashadi, uni shaxs sifatida biladi. Bola ham otasi bilan suhbatlashishi, birga vaqt o‘tkazishi jarayonida uning qandayligini, nimani yoqtiradi, nimani yoqtirmaydi, bilib boradi.
Xudo bizlarni aynan shunday munosabatlarga chorlamoqda. Xudo bilan shaxsiy munosabatlar ibodati – avvalo, Xudoni Shaxs sifatida izlash, bilish va ulug‘lash uchun ajratilgan vaqtdir. Xudoni izlaganda, Uni yuzaki emas, chin yurakdan, sidqidildan izlash kerak. San.118:1-3. O‘z yo‘lida benuqson bo‘lganlar, Rabbiyning qonunida yuradiganlar baxtlidirlar! Uning vahiylarini saqlaydiganlar, Uni bor yuraklari bilan izlaydiganlar baxtlidirlar! Ular Uning yo‘llari bilan yurib, qonunbuzarlik qilmaydilar.
San.118:10. Bor yuragim bilan Seni izlayman. Sening amrlaringdan chetga chiqishimga yo‘l qo‘ymagin.
San.118:58. Bor yuragim bilan Sendan o‘tindim: menga so‘zingga binoan iltifot qilgin.
6.XUDO BILAN ShAXSIY MUNOSABATNI YO‘LGA QO‘YISh VA SAQLAB QOLISh UChUN MUHIM NARSALAR
1)Vaqt belgilang.
2)Joy belgilang.
3)Mavzu belgilang.
4)Minimum vaqtni belgilang.
5)Hisobdor bo‘ling.
Tartibga solingan faoliyat yaxshi samara beradi. Shu uchun qor, yomg‘irga qaramay, kayfiyatga, sog‘liqqa qaramay bizlar o‘qish, ishga qatnaymiz.
Ruhiy hayotimiz, ruhiy mashg‘ulotlarimiz ham barqaror, mo‘’tadil bo‘lishi istasak ular uchun vaqt, joy, mavzu, minimumni belgilash va kimgadir hisobdor bo‘lishimiz lozim.
1)Vaqtni belgilash
Vaqtni o‘zingizga qulay vaqtda belgilashingiz mumkin. Muqaddas Yozuv, Xudoning payg‘ambarlari erta tongni tavsiya qilishadi. Dovud: “Erta tongdan yuzingni izlayman”, –deb hayqiradi, Iso Masih erta tongdan ibodat qilgani chiqib ketar edi. Doim bir vaqtda Rabbiy huzuriga Uni izlashga kelishni boshlasangiz bu odatga aylanadi va tobora oson kecha boshlaydi.
2)Joy belgilang
Ma’lum joyni belgilash bizlarni boshqalar halal bermay bor fikrimizni Rabbiyga qaratib ibodat qilishimizga yordam beradi. Shuningdek bu ham odat qilishga va ibodatga oson kirishishga yordam beradi.
3)Mavzuni belgilang
Har bir ibodatning o‘z mavzusi bor. Xudo bilan shaxsiy munosabatlarda esa bizlar uch narsa haqida gaplashishimiz lozim:
a)Xudo bilan Xudo haqida. Masalan: Xudojon, So‘zing orqali bilib oldim, Sen qashshoqni balchiqdan ko‘taradigan Xudo ekansan. RAhmat Senga, yuzxotirchilik qilmasdan hamma bandalaringni yaxshi ko‘rishing, Sen bilan har bir kishida yaxshi hayot kechirishga imkon borligi uchun va hok.
b)Xudo bilan o‘zimiz haqimizda. Masalan: Xudojon, Sening So‘zing orqali g‘azablanish Senga noma’qul ekanini bilib oldim. Men ba’zan g‘azablanaman, achchiqlanaman, qizishaman. DUo qil, kuch ber o‘zgarayin. Men boshqa g‘azablanmaslikka, g‘azab kelganda ichimda ibodat qilib, Muqaddas Ruhdan kuch so‘rab o‘zimni bosishga harakat qilaman, Sen esa istak va harakat berib, kuch berib o‘zgarishimga yordam bergin. Rahmat qo‘llashing uchun va hok.
v)Xudo bilan hamkorlikdagi xizmatimiz haqida. Masalan: Xudojon Sen So‘zingda degansan: “Shunday qilib, eng avvalo shuni iltimos qilaman: barcha insonlar, podshohlar hamma hokimlar va boshliqlar uchun ibodatlar, iltijolar, shafoatlar qilinglar hamda minnatdorchilik bildiringlar, 2 toki biz har qanday diyonat va poklikda tinch hamda osoyishta hayot kechiraylik, 3 chunki Najotkorimiz Xudoga bu yaxshi va ma’quldir, 4 zero U barcha odamlar najot topishlarini va haqiqatni bilib olishlarini xohlaydi. 5 Chunki Xudo yagona va Xudo bilan insonlar orasidagi Vositachi ham yagonadir, ya’ni inson Iso Masihdir”(2Timotiy 2:1-5). Men ham yaqinlarimning najot topishini istayman. Lekin ular bunga yopiq. O‘zing donolik, istak va harakat, moylanish bergin, toki xizmatim muvaffaqiyatli bo‘lsin. Yordam berishing uchun rahmat va hok.
4) Minimum vaqtni belgilang
Odatda tanamiz nomiga suhbatlashib chiqib ketishni istaydi. Shu uchun atayin minimum vaqt belgilasangiz, masalan kamida 10 daqiqa, yarim soat, bir soat va shundan o‘stirib borsak, avvalo Xudo bilan sifatli vaqt o‘tkazamiz, keyin esa vaqtga qarab ibodatimizni yanada boyitamiz.
5)Hisobdor bo‘ling
Kim bilandir hisobdor bo‘lsangiz, Xudo bilan shaxsiy munosabatlar qurish jarayonida olgan vahiylaringizni aytib u odamni ham ruhlantirasiz. Ibodat qilishni istamagan vaqtlaringizda esa hisobdorlik mas’uliyati ibodat qilishga ruhlantiradi. Shu uchun hisobdorlik zanjiri bilan mustahkamlangan ibodat sifatliroq va davomiyroq bo‘ladi.
Xulosa: Maqsad belgilandi: Xudoni izlash. Barakasi bilib olindi: Xudoni tanib bilish, bu orqali ruhiy va moddiy barakalarga bo‘lish. Gap endi o‘zimizni bunga bag‘ishlashda! Naqadar tirishqoq bo‘lsak shu qadar ko‘p baraka topamiz. Agar Xudo bilan suhbatlashish ibodatini o‘rganmoqchi bo‘lsak, buning namunasini Sanolar kitobida juda ko‘p ko‘rish mumkin. Endi gap buni qo‘llashimizda! Agar qo‘llasak yer yuzidagi sanoqli eng baxtli odamlardan biri bo‘lamiz: dunyoning Yaratuvchisi, podshohlarning Podshohi, xudolarning Xudosi shaxsan kulbamizga kelib – qalbimizni, hayotimizni O‘z nuri bilan yoritadi va hayotimiz davomida bizlarga hamroh bo‘ladi! Keling, bunday hayotni ta’minlovchi kalitni qo‘ldan boy bermaymiz, aksincha, uni qo‘llab saodatli bo‘lamiz!
RUXSHONA INOYAT