3.YOZUVNI MUSTAQIL O‘RGANISH VA BAJARIB YASHASH
Masihiylikdagi ruhiy mashg‘ulotlardan biri – bu Yozuvni o‘rganish va bajarib yashashdir. “Boshida So‘z bor edi”, – deyiladi Muqaddas Yozuvda(Yuhanno 1:1). Hamma narsa So‘zdan boshlanadi!
1.MUQADDAS KITOBNI O‘RGANISh VA QO‘LLAShDAN KELADIGAN BARAKALAR
Bir voiz Muqaddas Kitobni besh barmog‘i bilan ushlab: “Siz So‘zni shunday tutishingiz kerak!” – degan edi.
Ya’ni:
1)So‘zni o‘qish,
2)So‘zni tinglash,
3)So‘zni e’lon qilish,
4)So‘zni yodlash,
5)So‘zni o‘rganish.
Avvalo So‘zni o‘qishimiz va tinglashimiz lozim. BU bizlarga Xudoning So‘zi bilan tanishish imkonini beradi.
Keyin so‘zni yodlash va e’lon qilishimiz lozim, bu bizlarga hayotimizni Xudoning So‘ziga binoan o‘zgartirish, qurish, yaxshilash imkonini beradi.
So‘ngra so‘zni o‘rganishimiz lozim. So‘z – bir marta o‘qib, tanishib, javonga qo‘yiladigan adabiy asar emas, balki har bandi diqqat bilan o‘rganilishi lozim bo‘lgan Xudoning konstitusiya kitobidir. Ularni o‘rganib, aniq bajarsak, hayotimizga 5 baraka kelishi kafolatlangan.
1)Donolik,
2)Muvaffaqiyat,
Yeshua 1:8. Ushbu qonun kitobi og‘zingdan tushmasin; balki uni tunu kun o‘rgangin, toki unda yozilganlarni aniq bajargin. Shunda o‘z yo‘llaringda muvaffaqiyatli bo‘lasan va dono harakat qilasan.
3)Uzoq umr,
4)Er,
5)Ko‘payish.
Qonunning takrorlanishi 8:1. Men bugun sizlarga buyurayotgan barcha amrlarni bajarishga harakat qilinglar, toki sizlar hayot bo‘linglar va ko‘payinglar; borib, Rabbiy sizlarning otalaringizga qasam ichib va’da bergan yerni egallanglar.
2.O‘RGANIShNI MAHSULDORROQ QILADIGAN OMILLAR
Yozuvni chuqur o‘rganish uchun o‘qish, o‘ylash va yozish tavsiya qilinadi. Sir emaski, har bir jiddiy ishlar qog‘oz ruchka bilan qilinadi. Bunday tavsiyalarni biznesmenlar maslahatlarida tobora ko‘p uchratyapmiz. Maktabda, kollejda , oliygohlarda darslar ruchka, daftar bilan o‘rganiladi? Ma’ruzalar yoziladi, darslar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlanadi. Har bir dars, kasb o‘rganish, yozish bilan tushuniladi va mustahkamlanadi. Sizga bir sirni ochay: Har bir voiz, xizmatchi, cho‘pon ham qog‘oz, ruchka bilan ishlaydi. Chunki “Ulkan xotiradan, kalta qalam uchi afzalroq”, degan maqol bor.
Argumenti i fakti ro‘znomasida: «Prover’ svoyu pamyat’» maqolasida yozilishicha , odam:
• O‘qiganidan 10%.
• Eshitganidan 20%.
• Ko‘rganidan 30%.
• Ko‘rgani va eshitganida 50%.
• O‘zi aytib berganida 70%.
• O‘zi amalda bajargan narsasidan 90%ni yodida saqlab qolar ekan.
Avvalo, agar siz har kuni Xudoning So‘zini o‘qiydigan masihiy bo‘lsangiz allaqachon siz uchun Xudoga sharaf. Agar siz shu o‘qishingizga o‘rganishni: ko‘chirish, o‘z so‘zi bilan yozish, xulosalar chiqarish, qaror qilishni qo‘shsangiz, tushunish va eslab qolishingiz, qarang necha foizga ortyapti: 10%dan kamida 50%ga; baraka esa 100%ga! Chunki Xudo 5barakani aynan bajaruvchilarga va’da bermoqda. Yodda tuting: o‘qish, o‘rganish – bilim beradi, bajarish esa –tajriba va baraka keltiradi!
3.MENING YoZUVNI O‘RGANISh TAJRIBAM
Mening masihiylikdagi ilk ustozim Soxib aka edilar. U kishi menga: har kuni kamida uch bob o‘qishni, har kuni kamida bir soat ibodatda Xudo bilan suhbatlashishni va qo‘limdan kelganicha Xudoga xizmat qilishni o‘rgatdilar. Men aytganlarini qilib Xudoni tanishda va xizmatda o‘sa boshladim.
Keyin xizmat yuzasidan boshqa shaharga taklif qilindim. U yerda Xudo Alisher aka degan kishini ustozim qilib belgiladi. Alisher aka menga har kuni kamida bir bob Muqaddas Yozuvni ko‘chirib, har bir so‘zning ma’nosini izlanib o‘rganishni o‘rgatdilar. Men So‘zni yanada chuqurroq tushuna boshladim.
Yillar o‘tib, Alisher aka ko‘chib ketdilar va Xudo hayotimga Po‘lat akani olib keldi. Bu kishi menga So‘zning bir parchasini olib chuqur o‘rganish: o‘qish, ko‘chirish, o‘z so‘zi bilan yozish, parcha haqida xulosa qilish va qanday qo‘llash hamda kimga aytib berish haqida qaror qilib o‘rganishni tavsiya qildilar. Men qila boshladim va so‘zni chuqurroq tushuna boshladim, eslab qola boshladim. Uch ustozning maktabidan o‘tib ham, uchchalovlarining usullari farq qilishiga qaramasdan, aytganlarini qildim: natijada yaxshiroq shogird bo‘lib bordim, lekin hech nima yo‘qotmadim.
Masihiylar ustozlar yo‘nalishlari farq qilishidan vasvasaga tushishlari, yoki bir usulda o‘rganishga odat qilib, boshqalarini qo‘llab ko‘rmasliklari, qo‘llashni rad qilishlari ruhiy o‘sishda to‘xtab qolishlariga olib kelishi mumkin. Shu uchun shogird sifatida qayishqoq bo‘lishimiz lozim. Yozuv bitta, Uni o‘rganish usullari ko‘p, ko‘p usullarni bilish bizlarni chalg‘itmaydi, qaytanga boyitadi. Shu uchun qayishqoq bo‘lish – bizlarga ustoz shogird munosabatlariga juda yordam beradi.
Yozuvni o‘zingizga qulay tarzda o‘rganishingiz mumkin, asosiysi o‘rganishda takomillashib borish.
4.MUQADDAS KITOBNI O‘RGANISh USULLARI:
Siz Muqaddas Kitobni doimiy ravishda o‘rganish uchun jamoatingiz, cho‘poningiz taklif qilgan o‘rganish usuli va o‘quv rejasidan foydalanishingiz mumkin. U bo‘lmaganida esa o‘zingizga o‘zingiz o‘quv rejasi tuzib va o‘rganish usulini tanlab har kuni muntazam ravishda o‘rganishni boshlashingiz mumkin.
1.Istasangiz Muqaddas Kitobning boshidan boshlab har kuni uch bobdan o‘qing. Buni o‘zingizga o‘quv rejasi qilib oling. Shunda butun Muqaddas Kitobni bir yilda o‘qib chiqasiz. Qalbingizga maxsus ta’sir qilgan oyatlarni yozib olib, mulohaza qiling, bajarish uchun qaror qiling va ibodat qiling.
2. Istasangiz har kuni Eski Ahddan 1bob, Sanolardan 1bob, Yangi Ahddan bir bobdan, hammasi bo‘lib uch bob o‘qing. O‘zingizga buni o‘quv rejasi qilib oling.
3.Istasangiz oldin Yangi Ahdni o‘qib chiqib, keyin Eski Ahdga o‘ting.
4. Istasangiz Yozuvni quyidagi usullarda o‘rganing.
YOZUVNI UCH USTUN USULIDA O‘RGANISh
Muqaddas Yozuvdan o’rganiladigan parcha | Xudo va odam haqida haqida nima deyilgan | Buni hayotimda qanday qo’llashim mumkin |
---|---|---|
masalan: | ||
Yeshua 1:7-9. Faqat kuchli va juda ham jasur bo’lgin hamda Mening qulim Muso senga vasiyat qilgan butun qonunga amal qilgin va uni bajargin. Undan o’ngga ham, chapga ham burilmagin, toki barcha ishlaringda dono harakat qilgin. 8 Ushbu qonun kitobi og’zingdan tushmasin; balki uni tunu kun o’rgangin, toki unda yozilganlarni aniq bajargin. Shunda o’z yo’llaringda muvaffaqiyatli bo’lasan va dono harakat qilasan. 9 Mana, Men senga buyuraman: kuchli va jasur bo’lgin, qo’rqmagin va dahshatga tushmagin, zero sening Rabbiy Xudoying sen qaerga borsang sen bilan birgadir”. | Xudo haqida: 1)Xudo qonunga amal qilgin, shunda barcha ishlaringda dono harakat qilasan va muvaffaqiyatli bo’lasan, dedi(7,8). 2)Rabbiy buyurmoqda: kuchli va jasur bo’lgin, chunki RAbbiy hamma joyda birgadir(9). Odam haqida: 1)Xudoning So’ziga rioya qilishi lozim, shunda muvaffaqiyatli bo’ladi(7,9). 2)Qo’rqmasligi kerak, chunki Rabbiy birga. xulosa: XUdoning irodasi Uning so’zini o’qib, amal qilib yashashimiz, shunda U barakalaydi. shuningdek, qo’rqmasligimiz kerak, chunki U doimo bizlar bilan birgadir. | 1)Har kuni kamida 1soat Yozuvni o’rganaman. 2)Bu haqida shogirdlarimga aytib beraman. ibodat: Xudoyim, borligingiz uchun rahmat. Bizga haqiqatni ochuvchi So’zingiz uchun rahmat. Duo qiling, har kuni so’zingizni o’rganib, hayotda qo’llay, toki Siz va’da bergan muvaffaqiyat va donolik menga hamroh bo’lsin, bu orqali nomingiz ulug’lansin. shuningdek, qo’rqmasligimga yordam bering, zero Siz doimo men bilan birgasiz. Iso Masih nomi bilan: Omin. |
YOZUVNI 5USTUN USULIDA O‘RGANISH
Muqaddas Yozuvdan tanlangan parchani ko‘chirish | Nima bildim: 1)Xudo haqida. | 2)Odamlar haqida. |
3)Shogirdchilik haqida. | 4)Etakchilik haqida | 5)Jamiyatga ta’sir haqida. Xulosa. Ibodat. |
5.MUQADDAS KITOBNI KUNNING QAYSI VAQTIDA O‘RGANGAN MA’QUL?
Asosiysi, o‘rganish uchun vaqt ajratish va o‘rganish. Shu uchun o‘zingizga qulay vaqtni tanlashingiz mumkin. Umuman olganda, albatta, eng mahsuldori ertalab turgandan o‘rganishdir. Chunki hali ongimiz dam olgan, yaxshi qabul qiladigan vaqt bo‘ladi, yana ertalabdan olgan ruhlanish so‘zimiz bizlarni muvaffaqiyatliroq bo‘lishimizga yordam beradi, yana ertalab o‘rgangan So‘zimiz haqida mulohaza qilib uni chuqurroq tushunishimiz, unutmasimizdan am alda qo‘llab muvaffaqiyatli bo‘lishimiz mumkin.
Xulosa: Har bir masihiy Xudo bilan suhbatlanish yurish uchun har kuni mustaqil ravishda So‘z o‘rganishga qaror qilishi va intizom bilan buni amalga oshirishi lozim. Shunda So‘z tobora unga ochila boshlaydi va hayotiga XUdoning huzuri, himoyasi, shifosi, shuhratini keltirib, bu odamni tubdan o‘zgartiradi.
So‘zning imonlilik hayotimizda ahamiyati juda kuchli. Bir jihatdan Yozuv “Kim qonunni eshitishdan qulog‘ini bursa uning ibodati ham jirkanchdir”, – deydi(Hikmatlar 28:9). Boshqa jihatdan: “Agar sizlar Menda jo bo‘lsangiz va Mening so‘zlarim sizlarda jo bo‘lsa, nimaiki istasangiz, so‘ranglar va olasizlar”, – deydi(Yuhanno 15:7). Demak, Xudo ibodatlarimizga javob beradimi, yoki yo‘qmi, bizning Uning So‘ziga munosabatimizga chambar chas bog‘liq ekan!
Shu uchun birov ruhlantirishini kutmaylik, o‘zimizni o‘zimiz ruhlantiraylik va So‘z o‘rganib qo‘llash yordamida Xudoning yaqin do‘stiga aylanaylik, shunda Xudo doimo bizning hamrohimiz bo‘ladi, qo‘llab-quvvatlaydi, barakalaydi va asraydi!
Yodda tuting: Yaxshi masihiy bo‘lish uchun standart: Har kuni mustaqil ravishda Yozuvni o‘rganish, bunga kamida yarim soat, bir soat ajratish; keyin uni qo‘llashga harakat qilish va yaqinlari bilan bo‘lishish,. Agar atrofingizda boshqa masihiylar har kuni mustaqil ravishda Yozuv o‘rganishmasa, bu sizning hafsalangizni pir qilmasin, siz ularga o‘rnak bo‘lishga harakat qiling! Shunda sizning Xudo to‘la, o‘zgarayotgan hayotingiz esa ularni ham bunga jalb qiladi!
RUXSHONA INOYAT
Галина
Mart 18, 2020Вот в этом материале есть 2таблицы, в которых желательно отметить границы. Спасибо.