8.XIZMATNI NIMADAN BOSHLASH KERAK?
Siz masihiylik bilan ozmi, ko‘pmi, tanishsiz. Siz xizmat qilishni, da’vatingizga kirishni, Osmon Shohligiga hosil keltirishni istaysiz. Lekin Masihiylik shu qadar serqirraki, odam ba’zan nimadan boshlashni bilmaydi. Har bir kishining o‘z da’vati bo‘lgani bilan birga, masihiylikda 2narsa barcha masihiylarga birdek tegishli va umrbod bajarib o‘tish talab qilinadi. Bular: Buyuk Amr va Buyuk Topshiriqdir.
BUYUK AMR:
Mark 12:30-31. 30. Rabbiy Xudoyingni butun yuraging bilan, bor joning bilan, bor idroking bilan va bor quvvating bilan sevgin». Mana shu birinchi amrdir! 31 Ikkinchisi esa shunga o‘xshashdir: «O‘z yaqiningni o‘zingni sevgandek sevgin». Bu amrlardan boshqa buyukrog‘i yo‘qdir.
BUYUK TOPSHIRIQ:
Matto 28:18-20. Iso ularga yaqinlashib, shunday dedi: “Osmonda ham, yerda ham bor hokimiyat Menga berilgan. 19 Shunday ekan, boringlar va barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho‘mdirib, 20 Men sizlarga buyurgan barcha narsalarga rioya qilishni o‘rgatinglar. Mana, to dunyoning oxirigacha har kuni Men sizlar bilan birgaman. Omin”.
BUYUK AMRNI BAJARISH:
Rabbiyni sevish:
Yurak bilan sevish- yurak taxtiga Rabbiyni o‘tqizish, hayotini Unga bag‘ishlash;
Joning bilan – borlig‘ing, ich-iching bilan, bor hislarimiz, irodamiz bilan Unga talpinish;
Idroking bilan- U haqida o‘ylash, So‘ziga bo‘ysunish;
Quvvating bilan – tanamizni Unga xizmatga bag‘ishlash.
Yaqinini sevish:
O‘zimizga istagan narsani boshqalarga beramiz, o‘zimizga yoqmaydigan ishlarni boshqalarga nisbatan qilmaymiz. Atrofimizdagi odamlar haqida ongimizda yaxshi o‘ylaymiz, yuragimizda yaxshi niyat qilamiz, jismimiz bilan faqat yaxshilik qilamiz.
Sevsak – amalda ko‘rinadi! O‘z kuchimiz bilan seva olmaymiz. Shu uchun So‘z o‘rganish, ibodat, hamdu-sano yordamida Muqaddas Ruhga to‘lishish lozim, U kelganida qalbimizni Sevgiga to‘ldiradi va Buyuk Amrni bajarish uchun kuch beradi.
BUYUK TOPSHIRIQNI BAJARISH:
Buyuk topshiriqni aniq qadamlarga bo‘lsak quyidagi vazifalar kelib chiqadi:
1)Borish;
2)Shogird orttirish;
3)Suvga cho‘mdirish;
4)Masih buyurgan narsalarga rioya qilishni o‘rgatish.
Borish – shogird yuragiga ega bo‘lganlarni topish uchun odamlar bo‘lgan joylarga atayin borish kerak.
Shogird orttirish – Xudoning So‘zi qulog‘iga yoqadigan, Xudo bilan yashashni istaydiganlarni topish kerak.
Suvga cho‘mdirish – ularga gunoh uchun, xudbinona hayot uchun o‘lib, Xudo uchun yashash timsolida suvga cho‘mishni aytib, suvga cho‘mdirish kerak.
Masih buyurgan narsalarga rioya qilishni o‘rgatish – So‘zni o‘rganib, Unga binoan yashashni o‘rgatish.
BUYUK TOPSHIRIQNI BAJARIB YASHASHGA RUHLANTIRUVCHI VA UNDA MUVAFFAQIYATLI BO‘LISHNI TA’MINLOVCHI OYATLAR:
“Men tokman sizlar esa novdasizlar. Kim Menda jo bo‘lib va Men unda jo bo‘lsam, u ko‘p hosil keltiradi, chunki Mensiz hech narsa qila olmaysizlar”(Yuhanno 15:5).
“Sizlar Mening shogirdlarim bo‘lib, ko‘p hosil keltirsangiz, shu orqali Mening Otam ulug‘lanadi”(Yuhanno 15:8).
Agar hayotingizni Buyuk Amr va Buyuk Topshiriqni bajarib yashashga bag‘ishlashga qaror qilsangiz, keling, birga ibodat qilamiz: Xudojon. Borligingiz uchun rahmat. Menga haqiqatni ochadigan So‘zingiz uchun rahmat. Men maqsadga intilib, aynan Siz istagandek masihiy bo‘lib yashashni istayman. Duo qiling, Buyuk Amr va Buyuk Topshiriqni bajarib yashaydigan masihiyga aylanay, serhosil bo‘lay va bu orqali hayotimda Xudoning nomi ulug‘lansin. Iso Masih nomi bilan: omin.
BUYUK TOPSHIRIQNI BAJARISHNI NIMADAN BOSHLASH KERAK?
1)Borish. Baliq ovlovchilar baliq yashaydigan joyga borishadi. Xuddi shunday, bizlar ham odamlar o‘zlari kelishlarini kutishimiz kerak emas, aksincha, ularning oldilariga borishimiz kerak. Atrofingizdagilar bilan xushxabarni bo‘lishib bo‘lgach, yangi tanishlar orttira boshlang, ular orasida Xudo yuragida ishlayotgan odamni topishga harakat qiling.
2)Xudo yuragida ishlayotgan odamlarni topish. Doim yodda tuting: sizning yuragingizda So‘zni aytish istagini uyg‘otayotgan Xudo, kimlarningdir yuragida so‘zni eshitish istagini uyg‘otmoqda. Kimdir xushxabarga ochiq bo‘ladi, kimdir Xudoning umumiy So‘ziga ochiq bo‘ladi. Avvalo yaratilishdan boshlab insoniyat tarixining asosiy voqealarini yozib oling. Keyin atrofingizdagilar bilan bo‘lisha boshlang. Kim So‘zni eshitishga ochiq bo‘lsa, ibodatga ochiq bo‘lsa – bular Xudo yuragi bilan ishlayotgan odamlar bo‘ladi. Masih haqida aytganingizda ular o‘zlari tavba qilishni istab qolishlari mumkin.
3) O‘rgatish. Ularga ruhiy mashg‘ulotlarni: XUdo bilan shaxsiy munosabatlar, Yozuvni o‘rganib, bajarib yashash, muqaddas hayot, shafoat, ruhiy jangni, masihiylik ta’limotini; hayotning hamma sohasida Xudoning So‘ziga binoan yashashni; xudoga xizmat qilishni o‘rgatish lozim.
4) Cho‘mdirish. Suvga cho‘mish tavbaning muhri hisoblanadi. Ular birgalikda najot beradi. Shu bilan birga, suvga cho‘mganda va’da qilingan Ruh keladi. Bularni tushuntirib, shogirdlarni suvga cho‘mdirish lozim.
Bu to‘rttala qadam qaynoq ibodat, ro‘zalar hamrohligida borganida, odam olmagunicha tinchimay faol harakat qilganida, albatta, Xudo rashki uchun taqdirlaydi va tez orada odam shogirlarga ega bo‘ladi.
Ikki misol: Dinara ko‘p yillik xizmatchi edi. Jamoatlarida hammasi yaxshi, faqat yangilar bilan ishlash yo‘q edi. Shogirdchilik haqida eshitganida, xizmatni boshqatdan boshlashga qaror qildi. Ro‘za tutib, ibodat qildi, xuddi ilk qadam qo‘yayotgandek hayajonlanib, Xudo boshqarishini so‘radi. Bir do‘konga kirganida, sotuvchi ayol 100so‘m qaytim berdi. “Ko‘pdan buyon hech kim menga qaytim bermas edi”,-deb so‘z boshlab, Dinara bu do‘konga tez-tez kiradigan bo‘ldi. Ular “Yaratilishdan” insoniyat tarixini o‘ta boshlashdi va tez orada do‘konchi ko‘plab tanishlari bilan tanishtirib, ko‘pchilik xushxabarni eshitdi.
Mohira opa ham ko‘p yillik jamoatning xizmatchisi edilar. Jamoatlarida ko‘pdan buyon yangilar yo‘q, jamoat a’zolari ham yig‘inlarga kelishga, o‘qish, ibodatda sustlashib qolgan edilar. Mohira opa Rabbiy uchun yonishga, hammasini boshqatdan boshlashga qaror qildilar. Avvalo ibodat qila boshladilar, ro‘za tuta boshladilar, borgan joylarida xushxabar ayta boshladilar, shogirdchilik haqida gapira boshladilar. Tez orada, o‘nlab yillardan so‘ng 2odam imonga keldi, 2guruh imonlilar esa shogirdchilikda harakat qilishni istashdi.
Siz ham boshlang, maqsad: Masihning shogirdlarini ko‘tarish. Bu uchun ibodat qiling, ro‘za tuting, aynan Xudo yuragida ishlayotgan odamlarga yo‘naltirishini so‘rang va shundaylarni izlash uchun chiqing. XUdo yor bo‘lsin va ko‘plab hosillar bilan hayotingiz Rabbiyni ulug‘lasin!
RUXSHONA INOYAT