Kirish. Shogird qalbiga ega bo’lish – muvaffaqiyatli shogirdchilik asosidir. Ushbu maqola sizga shogird qalbini shakllantirishingizga yordam beradi. Agar siz gunohlaringizga iqror bo‘lib, tavba qilgan bo‘lsangiz, Masihning qoni gunohingizni yuvib, Muqaddas RUh qalbingizga kirishiga taklif qilgan bo‘lsangiz – Xudoning va’dasiga ko‘ra gunohlaringiz yuvildi, Muqaddas RUh qalbingizga kirdi va siz Xudoning xalqiga aylandingiz. Sizni gunohlaringizdan poklanganingiz, qalbingizga Muqaddas Ruh tashrif buyurgani, Xudoning xalqi safiga qo‘shilganingiz, Osmon Shohligi fuqarosi bo‘lganingiz bilan tabriklayman! Bu bilan imonlilik hayoti tugamaydi, balki Xudo boshqaruvida ajoyib hayot boshlanadi. Agar biz Xudoning huzuri, boshqaruvi, barakasi, himoyasi doim hamrohim bo‘lsin desak hayotimizni Unga bag‘ishlashimiz kerak. Shunda U bizni oddiy yerlik yo‘limizdan emas, balki O‘zining cho‘qqilari tomon boshqaradi.
Xudoning irodasi bizlarning shunchaki imon keltirishimiz emas, balki Masihning shogirdi bo‘lishimiz, Xudo bilan Yozuv va ibodat vositasida shaxsiy munosabatlarga ega bo‘lgan holda, Uning So‘zi bo‘yicha yashash, muqaddas hayot kechirish, jamoat va jamiyatga xizmat qilib, Masih yashagandek yashash hamda XUdoning Shohligiga ko‘plab hosillar bilan borishdir. Masih yerlik xizmatini shogirdlar to‘plash va ularni o‘rgatish bilan boshladi va O‘zi qilgan ishni shogirdlariga bajarish vakolatini topshirish bilan tugalladi. Shogirdchilik o‘rganish va qo‘llashning eng samarali usuli ekanini Masih namunasini qoldirdi. Shuningdek, aynan shogird bo‘lish va ko‘p hosil keltirish Otani ulug‘lashiga urg‘u berdi: “Sizlar Mening shogirdlarim bo‘lib, ko‘p hosil keltirsangiz, shu orqali Mening Otam ulug‘lanadi”(Yuhanno 15:8). Shu uchun bu mavzuda shogirdchilikka safarimiz boshidan qanday fazilatlar bizni yaxshi shogird bo‘lishimizga yordam berishini ko‘rib chiqamiz.
Shogirdchilik – bu ustozning shogirdiga ham bilimi, ham tajribasini o‘rgatishi, shogirdi esa ularni qo‘llab, ruhiy dunyoda mustaqil harakat qilish darajasiga yetishidir. Duradgorning shogirdiga tajribasini o‘rgatishi, trenerning sportchini mashq qildirishi shogirdchilikning yorqin misolidir.
Har bir yangi imonli Masih ortidan borishda ruhiy o‘sish uchun shogird yuragiga ega bo‘lishi uning muvaffaqiyati kalitidir.
Shogird yuragiga egalikning ko‘rsatkichi:
1)Bilim, tajriba orttirishga chanqoqlik.
2)Itoatlilik.
3)Tirishqoqlik.
1)Bilim, tajriba orttirishga chanqoqlik
Odam bir kunda hamma narsani o‘rganib, qo‘llay olish darajasiga yetmaydi, bu yillarni talab qiladi. Shu uchun bilganidan qanoatlanib to‘xtab qolgan odam emas, balki doim izlanishda, harakatda bo‘lgan shogird barqaror ruhiy o‘sadi.
Yozuv bu borada shunday deydi: Hikmatlar 18:15.Aqlli odamning yuragi bilimni qabul qiladi va dononing qulog‘i bilim izlaydi.
Shu uchun yaxshi shogird bo‘laman degan odam, qalbida bilim, tajribaga chanqoqlikni rivojlantirishi lozim.
2)Itoatlilik
Har bir odam aslida o‘ziga o‘zi xudodir. U o‘zi istagan ishni qiladi. Ko‘pincha odamning o‘zi istagani XUdo istagan narsalarga to‘g‘ri kelmaydi. Shunda qalbimiz sinaladi: agar Xudoni o‘zimizdan ko‘proq yaxshi ko‘rsak, o‘z istagimizni qoldirib, Uning istagiga bo‘ysunamiz; agar o‘zimizni ko‘proq yaxshi ko‘rsak bahona topamiz. 1Shomuil 15:22-23. Shomuil javob berdi: ― Nahotki Rabbiyga tamoman yondirilgan qurbonliklar va boshqa qurbonliklar Rabbiyning ovoziga itoat qilish kabi yoqimli bo‘lsa? Itoat etish – qurbonlikdan va bo‘ysunish – qo‘chqorlar yog‘idan yaxshiroqdir. 23 Bo‘ysunmaslik – sehr-jodu singari gunoh, o‘jarlik esa – butparastlikdir. Sen Rabbiyning so‘zini rad etganing uchun U ham seni rad etdi, toki sen podshoh bo‘lmagin.
Yozuv Xudoga va ustozlarimizga bo‘ysunishimizni talab qiladi. Nima uchun? Chunki bo‘ysunmasak, ustoz aytganini emas, o‘zimiz istagan ishni qilamiz va natijada o‘smay qolamiz.
3)Tirishqoqlik
Har bir mehnat qunt bilan ishlashni talab qiladi, aks holda o‘rgana olmaymiz va muvaffaqiyatli bo‘la olmaymiz. Shu uchun toki o‘rgatilgan darsni a’lo darajada qilishni o‘rgangunimizcha tirishqoqlik bilan harakat qilaverishimiz lozim. Hikmatlar 21:5. Tirishqoqlarning o‘y fikrlari mo‘l ko‘lchilikka qaratilgan, har qanday shoshqaloq esa muhtojlikda bo‘ladi.
Yillar o‘tsa ham, o‘zimiz ustozlik darajasiga ko‘tarilsak-da shogird yuragiga egalikda qolsak, Rabbiy doimo bizlarga o‘rgata oladi va o‘stira oladi.
4)Bag‘ishlanganlik. Hayotini Xudoga bag‘ishlagan odamlar xizmatda eng muvaffaqiyatli odamlar hisoblanadilar, chunki ular vaqtlari va kuchlarini avvalo Xudo uchun sarflaydilar. “Bilim sof oltindan afzal”, deyilgan Hikmatlar 8:10da. Yozuv o‘rganish guruhlari, yig‘inlar, seminar, treninglar bizni bir darajadan boshqa darajaga ko‘tarilishimizga yordam beradigan bilim va amaliyot manbai hisoblanadi. Lekin biz o‘zimizni Xudoga bag‘ishlagan lahzada birdan boshqa ishlar chiqib qoladi. Masalan, bir yigit biznesmen bo‘lmoqchi edi. Hayot uni shunday savaladiki, u uyidan quvilib, uch kun hech narsa yemasdan, ish topa olmasdan jamoatga imonli opasining oldiga keldi. Opasi unga uy, ish topishga yordam berdi, ruhiy o‘sishiga yordamlashdi. Xudo ortidan borayotgan vaqtida uydan quvgan qarindoshlari kelib, biznez ochishiga pul berishlarini aytib avrab olib ketdilar. Pul ham berildi, biznes ham boshlandi. Lekin ish yurishmadi. Yillar o‘tib odam o‘sha-o‘sha uysiz, ochligicha qolaverdi.
Boshqa yigit esa Xudoni mahkam tutdi. Bir jamoatga cho‘ponga shogirdlikka ketdi. Bir yil jamoatda yashab Xudo qarshisida yashashni o‘rgandi. Xizmatlarni qoldirmas, bo‘sh vaqtida kun ko‘rishi uchun ishlar edi. Seminar, konferensiyalarda faol qatnashdi, hatto uzoqda konferensiya bo‘lganida ham Xudodan borishiga imkon so‘rab, imon bilan yo‘lkira topib borib kelar edi. Vaqt o‘tib u ham oilali, ham, xizmatli, ham biznesli, ham mashinali cho‘ponga aylandi.
Hammaga birdek imkon berilgan. “Chaqirilganlar ko‘p, tanlanganlar oz”. Xudo hammani xizmatga chorlaydi, kimdir labbay deb chorlovga javob beradi, shuncha ishlari orasidan Xudonikini tanlaydi, Xudo ham bundaylarni tanlaydi, boshqa biri esa go‘yo Xudo ortidan boryapti, lekin ruhiy mashg‘ulotlarni har kuni intizom bilan qilmaydi, tadbirlarda faol ishtirok etmaydi, narx to‘lab xizmat qilmaydi. Albatta, u ruhan va xizmatda uncha o‘sa olmaydi. Shunday ekan tanlov o‘zimizdan: O‘zimizni bag‘ishlasak – XUdo duo qiladi, bag‘ishlamasa unchalik hayotimiz o‘zgarmaydi. Lekin bag‘ishladikmi, vasvasalar keladi. Ibrohim payg‘ambar Xudoga qurbonlik keltirganlarida, quzg‘unlar kelib qurbonliklarini cho‘qimoqchi bo‘lgan. Lekin u kishi quzg‘unlarni haydab turgan(Ibt.15:11). Chunki Xudoga bag‘ishlangan narsa Xudoning maqsadlariga xizmat qilishi lozim. Siz ham vaqt, kuch va pulingizni Xudoga bag‘ishlaganingizda shayton uni o‘g‘irlashga harakat qiladi. Siz esa ibodatda Xudodan shuni to‘g‘ri ishlata olishingizga yordam so‘rashingiz va to‘g‘ri ishlatishingiz lozim.
Dunyoda kuzatilgan shogirdchilik misoli:
Bolaligimda Axmad aka degan usta bo‘lar edilar. U kishi uyimizda shogirdlari Toxir aka bilan yog‘ochdan shkaf, eshik, deraza yasar edilar. U kishining ishlari juda mayda ish edi, lekin sifatli va qimmatbaho edi. Axmat aka shogirdlariga nima qilishni tushuntirar edilar va qo‘llariga asbobni berib qo‘yar edilar. Umuman olganda, ular birga ishni tugatar va maoshni olar edilar. Yillar o‘tib, odamlarning uylariga mehmonga borganimda men Axmat akaning va u kishining shogirdlarining ishlarini darrov tanir edim. U kishining ishlari boshqalarnikidan sifati, jimjimadorligi bilan farq qilib turar edi.
Masihga kelib, shogirdchilik haqida eshitganimda hayotimdagi shu misol shogirdchilikni to‘g‘ri tushunishimga yordam berdi. Har bir kishining ustozi bo‘lishi lozim: ustozi bilim beradi va tajribada qo‘llashni o‘rgatadi, shogird o‘rganadi va amalda qo‘llaydi. Shunda bir kuni ustozi darajasiga ko‘tariladi. Masihiylar biror ustozga itoat qilishni bilmasliklari va istamasliklari ruhiy o‘sishlariga to‘sqinlik qiladi.
Sust va faol shogirdchilik
Hamma ham yaxshi shogird bo‘lishi mumkin, lekin buni o‘z istashi va qalbini bunga bo‘ysundirishi lozim. Ilgari shunchaki samimiy chehralariga qarabgina hamma masihiylarni yaxshi shogirdlar deb hisoblar edik. Keyingi kunlarda shogirdlarni bir darajadan yangi darajaga o‘stirish uchun tuzilgan dasturlar asl holatni namoyon qildi.
Bu dasturlarda shogirdlarga vazifa berildi, so‘ngra vazifa bajarilishi tekshirildi. Natijada, ko‘plab masihiylar, agar Masihni Najotkorim deb qabul qilgan bo‘lsalar, vaqti-vaqti bilan jamoatga qatnasalar, vaqti –vaqti bilan istak va vaqtlari borligida Muqaddas Yozuvni o‘qisalar yoki ibodat qilsalar, o‘zlarini yaxshi masihiy deb hisoblashlari ma’lum bo‘ldi. Aslida bu sust shogirdlikdir. Bunda Xudoning shuhrati bo‘lmaydi.
Faol shogirdchilikda esa odam har kuni ibodat yordamida Xudo bilan suhbatlashadi, har kuni Muqaddas Yozuvni o‘rganib, U bo‘yicha yashaydi, Xudo bilan, jamoat bilan va jamiyat bilan aloqada bo‘lib, Xudoga va odamlarga xizmat qilib yashaydi. Bunda odam doim XUdoning shuhrati, qudratini ko‘rib yashaydi.
Yana shunisi aniqlandiki, sust masihiylikka o‘rganganlar o‘zlarini, hayot tarzlarini o‘zgartirishni istamaydilar. Ular bu uchun turli sabab va bahonalar topishga harakat qiladilar. Shu uchun noto‘g‘ri ketib, keyin to‘g‘irlangandan ko‘ra birdan to‘g‘ri boshlagan ma’qul.
Yaxshi shogird ko‘rsatkichi:
• Buyuk amrni doimo bajarishga harakat qilib yashaydi.
• Buyuk topshiriqni doimo bajarishga harakat qilib yashaydi.
• Ibodatda Xudo bilan shaxsiy munosabat qurishga, Xudoni shaxsan bilishga intiladi.
• Muqaddas Yozuvni shaxsan o‘rganib, hayotida qo‘llab yashaydi.
• Xudoga va odamlarga xizmat qiladi, Xudoning Shohligini kengaytirish payida bo‘ladi.
Yaxshi shogird bo‘lishga xalaqit beradigan nuqsonlar:
A)O‘qish, o‘rganish, o‘sishga hafsalasizlik: Ruhiy mashg‘ulotlarga qiziqmaslik.
B)Tartib-intizomsizlik: Kechikib yurish, darslarga kelmaslik, erta ketib qolish, vazifalarni bajarmaslik va hok.
V)Mas’uliyatsizlik. O‘sish va xizmat qilishga mas’uliyat olmaslik.
Ruhda va xizmatda o‘sish
Harbiylarda general bo‘lishni orzu qilmaydigan askar askar emas deyiladi. Xuddi shunday masihiylikda ham o‘sishni, oliy unvonga ega bo‘lishni istamagan masihiy shogird emasdir. Bunga yozuv ham ruhlantiradi. Filippiliklarga 3:12-14. Men bularga erishganim yoki allaqachon barkamol bo‘lganim uchun bunday demayapman. Lekin Iso Masih menga erishgani kabi men ham erisha olarmikanman, deb intilayapman. 13 Birodarlarim, men o‘zimni bularga erishganman, deb hisoblamayman. Faqat orqamdagilarni unutib, oldimdagilarga intilayapman. 14 Men bir maqsad sari, ya’ni, Iso Masihdagi Xudoning oliy unvonining sovrini sari intilayapman.
Masihiylikda ruhiy o‘sish va xizmatda o‘sish darajasi mas’uliyat olish darajasiga bog‘liqdir:
1)Shogird-shogirdlar uchrashuviga muntazam ravishda ishtirok etayotgan, Yozuvni mustaqil ravishda o‘rganayotgan, bajarayotgan va uni atrofdagilar bilan bo‘lishayotgan, xushxabar aytayotgan masihiy.
2)Ishchi yoki xizmatchi: shogirdlar uchrashuviga muntazam ishtirok etayotgan, Yozuvni mustaqil ravishda o‘rganadigan, bajaradigan va uni atrofdagilar bilan bo‘lishadigan, Xudoga xizmat qilayotgan, xushxabar aytayotgan, shogirdlar orttirgan va shogirdlar uchrashuvini boshqarayotgan masihiy.
3)Asoschi: yangi jamoatga asos solgan, Yozuvni mustaqil ravishda o‘rganayotgan, bajarayotgan va uni atrofdagilar bilan bo‘lishayotgan, xushxabar aytayotgan, shogirdlar orttiryotgan va jamoatni boshqarayotgan masihiy.
4)Nozir: bir necha jamoatlarga asos solib, cho‘ponlar tayinlab, ularga jamoatlarni o‘stirishda yordam berayotgan masihiy.
Xulosa: Shunday davrlar bo‘lgan ediki, bizlar Muqaddas Yozuvga zor edik, yig‘iladigan joyimiz yo‘qligidan ko‘chalarda sarson yurar edik. O‘shanda: “Bizlarga hali Yozuv ham, imkon ham serob bo‘lganida, ko‘rasizlar, Masihiylarda erkalik paydo bo‘ladi: o‘qishni, ibodat qilishni, jamoat qatnashni, xizmat qilishni istamay qolishadi”, – deyishar edi.
Bizlar qachondir shunday bo‘lishi mumkinligini bilar edik, lekin hali yurak yaralari bitmay buni ko‘rishimiz xayolimizga kelmagan ekan: Ba’zi masihiylarda ibodatga, So‘z o‘qishga hafsala yo‘q, xizmatga vaqt yo‘q, trening, seminarlarga borishga kayfiyat, istak yo‘q.
Shundan kelib chiqqan holda, xulosa qilish mumkinki, hozir jiddiy, chuqur, faol masihiylikdan yuzaki, sust masihiylikni tanlash holati ko‘proq uchrayapti. Ko‘plar uchun Xudo faqat duo qilishi lozim bo‘lgan Shaxs. Xudoga bag‘ishlanish-chi? Uni qaerda yo‘qotib qo‘yyapmiz? Axir Xudo bizlarga: “G‘ayratda sustlashmanglar. Ruhda yoninglar. Rabbiyga xizmat qilinglar”, –deb aytgan emasmi(Rim.12:11)?
Agar faol, haqiqiy shogird bo‘lsak, Xudoning shuhratini ko‘ramiz, aks holda, o‘zimizni aldab yashaymiz. Xudo hamrohimiz bo‘lishi uchun haqiqiy, faol shogird bo‘lishga intilaylik.
RUXSHONA INOYAT