5.SHOGIRDLAR UCHRASHUVLARINING AHAMIYATI
Ba’zan odamlar qo‘rqqanlarida yoki bunga vaqt ajratishga eringanlarida, imonlilar, shogirdlar uchrashib turishlari shartmi, uyda o‘zlari o‘qiyotganlari, televizordan ko‘rayotganlari yoki internetdan o‘qiyotganlari yetarli emasmi, degan savolni beradilar. Bugun shu savollarga Muqaddas Yozuv orqali javob topishga harakat qilamiz.
1.Shogirdlar va imonlilar Xudo uchun yig‘ilgan vaqtlarida ular o‘tirgan xonadonga Xudo keladi:
Sizlarga rostini aytaman, sizlar yer yuzida nimani bog‘lasangizlar, osmonda ham bog‘lanadi, yer yuzida nimani yechsangizlar, osmonda ham yechiladi. 19 Yana sizlarga aytaman, agar yer yuzida sizlardan ikki kishi o‘zaro kelishib nimaiki co‘rashsa, Mening osmondagi Otam tomonidan ularga beriladi. 20 Chunki qaerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig‘ilsa, Men u yerda ularning orasida bo‘laman(Mt.18:18-20).
Agar imonlilar ochiq yurak bilan yig‘ilsalar, ular Xudo So‘zi haqida suhbatlashayotganlari jarayonida XUdo ularning hayotlarida ishlay boshlaydi, shifolaydi, ozod qiladi, dalda beradi, yo‘nalish beradi va hok. Xullas, Masih nomi bilan yig‘ilgan shogirdlar doirasida o‘tirish – xonadoniga, hayotiga Xudoni taklif qilishdir!
2. Ilk jamoat har kuni ma’badda va uylarda to‘planar edi, Xudo buyuk ishlar qilar edi:
Shunday qilib, ular doimo havoriylarning ta’limotida, muloqotda, non sindirishda va ibodatlarda bo‘lar edilar. 43 Har bir jonda qo‘rquv bor edi. Havoriylar orqali esa Yerusalimda ko‘p mo‘’jizalar va alomatlar amalga oshirilar edi. 44 Hamma imonlilar birga bo‘lib, hamma narsalari umumiy edi. 45 Mol-mulklarini sotib hammaga, har kimning muhtojligiga qarab taqsimlar edilar. 46 Har kuni yakdillik bilan ma’badda yig‘ilib turishar, uylarda esa non sindirib, xursandchilik va soddadillik bilan ovqatlanar edilar. 47 Ular Xudoni sharaflar va butun xalqdan iltifot topar edilar. Rabbiy esa najot topganlarni har kuni jamoatga qo‘shar edi(Hav.2:42-47).
Shogirdlar havoriylar ta’limotida, muloqotda, non sindirish va ibodatlarda bo‘lishgan, bularni ma’bad va uylarda qilishgan. Rabbiy esa ular orasida ko‘plab mo‘’jizalar va alomatlar amalga oshirgan, imonlilarga Xudoning va odamlarning iltifotiga sazovor bo‘lishgan.
Agar hayotimda Xudo va Uning mo‘’jizalari ko‘p bo‘lsin desangiz, shogirdlar to‘planayotgan joyga yuguring, ularni uyingizga taklif qiling. Xudo va Uning barakalari, mo‘’jizalari hayotimizga istaganimiz uchungina osmondan shunchaki tushmaydi, balki so‘ziga binoan yashaganimizda, so‘zi atrofida to‘planib, Uni hayotimizning to‘riga qo‘yganimizda tushadi!
3. Shogirdlar yig‘ilganlarida bir-birlarini ruhan barpo qiladilar:
Shuning uchun birodarlar, nima qilsak ekan? Sizlar to‘planganingizda, har biringizda biror qo‘shiq bormi yoki ta’limot, yoki til bormi, yoki vahiy, yoki biror talqin qilish bormi – bularning hammasi jamoatni barpo qilish uchun bo‘lsin(1Kor.14:26).
Bolani tasavvur qiling. U ovqatlangani va harakat qilgani sari o‘sadi, ulg‘ayadi. Bir kuni barkamol, kuchli bo‘ladi. Odamning jismoniy o‘sishi jismoniy oziqqa, aqliy o‘sishi aqliy oziqqa bog‘liq, ruhiy o‘sishi esa ruhiy oziqqa bog‘liq. Shogirdlar to‘planganlarida bir-birlarini ruhiy oziqlantiradilar va ruhiy kamolga yetib, kuchli masihiylar bo‘ladilar, ask holda, o‘sishdan qolib kasalmand, zaif bo‘ladilar. Imonimiz barpo bo‘lishi uchun shogirdlar uchrashuvida bo‘lishni, kundan kunga o‘sishni rashk qilaylik!
4. Xudoning So‘zi yig‘inlarimizni qoldirmasligimizni aytmoqda:
Ba’zilarda bo‘lgan odat kabi yig‘inlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, o‘sha kun yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik(Ibr.10:25).
Shogirdlar uchrashuvidan uzoqlashgan, Xudoning yig‘inidan uzoqlashadi. Xudoning yig‘inidan uzoqlashgan Xudodan uzoqlashadi. Xudoning So‘ziga itoat orqali Xudoga yaqin yurishning iloji bor ekan, nima kerak Undan uzoqlashib? Dunyoning oxiri, buyuk sud kuni har kuni yaqinlashib kelmoqda. Shu uchun bizlar birga bo‘lib, imonlilardek yashash uchun bir-birimizga dalda berishimiz lozim.
Xulosa: Xudo xalqining Uning atrofida yig‘ilishini istaydi. Shunda ularning oralariga kelib so‘zlaydi, kuch-qudratini namoyon qiladi. Bu orqali Xudo xalqining ichida, Uning orasida yashashni istaydi. Keling, Xudo kelishi va oramizda yashashi uchun Unga taxtiravon quradigan, ya’ni Uning nomi bilan to‘planadigan xalq bo‘lamiz. To‘planganda esa Uni taklif qilamiz va U O‘z ishini amalga oshirishiga ishonamiz! Iso Masih nomi bilan: Omin.
RUXSHONA INOYAT