Hamma odamlar dunyoga bir xil kelib, bir xil ketadi. Qaerdan kelib, qaerga ketayotganini bilmaydi. Kimdir faqat shu dunyo bilan yashaydi. Kimdir hayot qisqaligini bilib, u dunyo haqida o‘ylaydi, agar u dunyo bo‘lsa o‘zini unga tayyorlashga intiladi. Bundaylar ikki dunyoda ham yutadilar!
Qaerdan kelganimiz va qaerga borishimizni bilishimiz to‘g‘ri yashashimizga yordam beradi. Xudo xalqining bilimsizlikda bo‘lishini istamagan, U Muqaddas Kitobi orqali O‘z haqiqatini bizga ochgan. Shuningdek: “Xudojon, Menga haqiqatingni ochgin, Senga olib boradigan yo‘lni ko‘rsatgin”, – deb ibodat qilganimizda, U bizni boshqaradi. Keling, hozir Uning So‘zi orqali insoniyat tarixiga nazar tashlaymiz. Buni 30kunlik o‘tmish va kelajakka sayohat deb atash mumkin. Har kuni bir tarixni shunchaki o‘qimang, balki mulohaza qiling, tasavvur qiling, tushungan narsalaringizga ko‘ra ibodat qiling.
Qani ketdik:
1-kun. DUNYoNING YaRATILIShI
Ibtido.1:1,6,9,14,20, 24,26-28,31.
“1.Boshida Xudo osmon va yerni yaratdi.
6. Xudo yana: “Suvlarning o‘rtasida gumbaz bo‘lsin va u suvlarni suvlardan ajratib tursin”, – dedi.
9.Xudo yana: “Osmon ostidagi suvlar bir joyga to‘plansin-u, quruqlik paydo bo‘lsin”, – dedi va shunday bo‘ldi.
14. Xudo yana: “Kunduzni tundan ajratish uchun hamda alomatlar, fasllar, kunlar va yillarni belgilash uchun osmon gumbazida yoritqichlar paydo bo‘lsin.
15.Ular yer yuzini yoritish uchun osmon gumbazida yoritqichlar bo‘lsin”, – dedi va shunday bo‘ldi.
20. Xudo yana: “Suvlar harakatlanuvchi mo‘l ko‘l jonivorlarni keltirib chiqarsin va qushlar yer ustidan osmonning gumbazida uchsinlar”, – dedi.
24. Xudo yana: “Er o‘z turiga xos jonivorlarni, chorva, sudraluvchilarni hamda yerdagi o‘z turiga xos hayvonlarni keltirib chiqarsin”, – dedi va shunday bo‘ldi.
26. Xudo yana: “O‘z suratimizga ko‘ra, o‘zimizga o‘xshash qilib odamni yarataylik. Ular dengizdagi baliqlar, osmondagi qushlar, chorvalar, butun yer ustidan va yerda sudralib yuradigan barcha sudraluvchilar ustidan hukmronlik qilsinlar”, – dedi.
27.Shunday qilib, Xudo odamni O‘z suratida, uni Xudoning suratida yaratdi. Ularni erkak va ayol qilib yaratdi.
28.Xudo ularni duo qilib, ularga: “Serpusht bo‘linglar va ko‘payinglar. Yer yuzini to‘ldirib, uni bo‘ysundiringlar. Dengizdagi baliqlar, osmondagi qushlar hamda yer yuzida harakatlanuvchi barcha hayvonlar ustidan hukmronlik qilinglar”, – dedi.
31. Xudo O‘zi yaratgan hamma narsani ko‘rdi, mana, bular juda yaxshi edi. Oqshom bo‘ldi va ertalab bo‘ldi – bu oltinchi kun edi”.
Ko‘rib turganimizdek, dunyo, odamzod o‘z-o‘zicha bunyod bo‘lgan emas, ularni ma’lum maqsad bilan Xudo yaratgan! Xudo odamni O‘ziga o‘xshash yaratdi. Oldin loydan tanasini yasadi, so‘ngra unga ruhini purkadi, shunda odam tirik jon bo‘ldi. Demak inson tana, jon va ruhdan iborat mavjudotdir.
2-kun.
ODAM ATONING VAZIFASI
Ibtido 2:15-25.
“15.Rabbiy Xudo odamni olib, Adan bog‘iga ishlov berish va uni qo‘riqlash uchun uni ushbu yerda joylashtirdi.
16. Rabbiy Xudo insonga shunday amr berdi: “Bog‘ning har bir daraxtidan bemalol yeyavergin.
17. Faqat yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtidan yemagin. Chunki undan yegan kuniyoq aniq o‘lasan”.
18. Keyin Rabbiy Xudo: “Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, unga munosib yordamchi yarataman”, – dedi.
19. Rabbiy Xudo tuproqdan barcha daladagi hayvonlarni, barcha osmondagi qushlarni yasab, odam ularga qanday nom berishini ko‘rish uchun uning oldiga olib keldi. Odam har bir tirik jonni qanday atasa, uning nomi shunday bo‘ldi.
20. Odam barcha chorvalarga, barcha osmondagi qushlarga va barcha daladagi hayvonlarga nom berdi, lekin odamga munosib yordamchi topilmadi.
21. Shunda Rabbiy Xudo odamni qattiq uyquga soldi. U uxlab qolgach, uning qovurg‘alaridan bittasini olib, o‘rnini et bilan qopladi.
22. Rabbiy Xudo odamdan olgan qovurg‘adan xotinni yaratdi va uni odamning oldiga olib keldi.
23. Odam esa: “Bu – mening suyaklarimdan suyak va mening etimdan etdir. U xotin deb ataladi, chunki erdan olingan”, – dedi.
24. Shuning uchun erkak o‘z ota-onasini qoldirib, o‘z xotiniga yopishadi va ular bir tan bo‘ladilar.
25. Odam bilan xotini ikkalovlari ham yalang‘och edilar, ammo uyalmas edilar”.
Xudo oldin Adan bog‘ini yaratdi, keyin Odam Atoni, keyin esa Momo Havoni yaratdi. Bu Odam Atoning yaralganidan yashash joyi, ish joyi, oila bilan ta’minlanganini bildiradi, bu har bir odam oila qurishidan oldin yashash joyi va ish joyiga ega bo‘lishi kerakligining timsolidir. Odam Ato o‘z hududini qo‘riqlashi va unga ishlov berishi lozim edi. Yana Odam Ato rioya qilishi shart bo‘lgan bir narsa: bog‘dagi yaxshilik va yomonlik daraxtidan yemaslik edi. Xudo unga: “Undan yegan kuniyoq aniq o‘lasan”,-deb qat’iy ogohlantirdi. Bu o‘lim odamning uchchala qismiga ham: ruh, jon, tanaga ham kelishi kerak edi.
3-kun.
ODAMZODNING GUNOHDAN QULAShI
Ibtido 3:1-13.
1. “Rabbiy Xudo yaratgan barcha dala hayvonlari orasida ilon eng ayyori edi. Ilon xotinga: –Rostdan ham Xudo, bog‘dagi hech bir daraxtdan yemanglar, deb aytdimi? – dedi.
2. Xotin esa ilonga dedi: –Bog‘dagi daraxtlarning mevasidan yeya olamiz-u,
3. Xudo: «Sizlar o‘lmasligingiz uchun faqat bog‘ning o‘rtasidagi daraxtning mevasidan yemanglar ham, unga tegmanglar ham»,– dedi.
4. Ilon esa xotinga dedi: –Yo‘q, aniq o‘lmaysizlar!
5. Zero Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq ko‘zlaringiz ochiladi, shunda sizlar xudolar kabi yaxshilik va yomonlikni biladigan bo‘lasizlar.
6. Xotin daraxtning oziqqa yaxshi, ko‘zga yoqimli va donolik berishi uchun ardoqli ekanini ko‘rib, uning mevasidan olib yedi. Keyin eriga ham berdi, u ham yedi.
7. Shunda ikkalovlarining ham ko‘zlari ochilib, yalang‘och ekanliklarini payqadilar va anjir barglarini bir-biriga tikib, o‘zlariga belbog‘lar yasadilar.
8. So‘ng ular kunning salqinida bog‘da yurgan Rabbiy Xudoning ovozini eshitdilar. Shunda odam va uning xotini Rabbiyning yuzidan qochib, bog‘dagi daraxtlarning orasida yashirindilar.
9. Rabbiy Xudo esa odamni chaqirib unga: –Qaerdasan? – dedi.
10. U esa: –Men bog‘da ovozingni eshitib qo‘rqdim, chunki men yalang‘ochman. Shuning uchun yashirindim, – dedi.
11. Xudo: –Kim senga yalang‘ochsan, deb aytdi? Men senga: «Ema», deb buyurgan daraxtdan yedingmi? – deb so‘radi undan.
12. Odam: –Sen menga bergan xotin shu daraxt mevasidan menga berdi, men esa yedim, – dedi.
13. Rabbiy Xudo xotinga: –Bu nima qilganing? – dedi. Xotin esa: –Ilon meni avradi va men yedim, – dedi”.
Odam Atoning vazifasi Adan bog‘ini parvarishlash va qo‘riqlash edi. U keraklicha qo‘riqlamadi va natijada shayton ilon ichida kelib Momo Havoni avradi. Momo Havo taqiqlangan mevani yedi va Odam Atoga ham berdi va ular taqiqlangan mevani yeb gunoh qilishdi. Ularni Xudoning Ruhi, Xudoning shuhrati tark etdi va ular yalang‘och bo‘lib qoldilar. Shunda yalang‘ochliklarini yashirish uchun anjir bargidan o‘zlariga belbog‘ qila boshladilar. Odamzodning gunoh qilib, gunohini tan olish, undan kechish o‘rniga uni yopishga harakat qilishi, yana Xudo qarshisidagi gunoh muammosini insoniy hatti-harakatlar bilan hal qilishga harakat qilishi o‘sha joydan boshlangan.
Adan bog‘ining yana bir ahamiyatli jihati shunda ediki, Xudo tushib kelib, odamzod bilan suhbatlashar edi. Gunoh qilganidan so‘ng esa odamzod Xudodan yashirindi. Xudo uni suhbatga chorlaganida ham, tavbaga chorlaganida ham Odam Ato aybni Momo Havoga, Momo Havo ilonga qo‘ydi. Bu odamning o‘z aybini tan olishni istamasligi, lekin bu bilan muammo hal bo‘lmasligi ramzidir.
4-kun.
GUNOHNING JAZOSI
Ibtido 3:14-24.
14. Shunda Rabbiy Xudo ilonga dedi: “Sen shunday qilganing uchun hamma chorvalar, barcha dala hayvonlari orasida la’natisan. Umring bo‘yi qorning bilan yurib tuproq yeysan.
15. Sen bilan xotin orasiga, sening urug‘ing bilan uning urug‘i orasiga dushmanlik solaman. U sening boshingni shikastlaydi, sen esa uning tovonini chaqasan”.
16. Xotinga esa: “Sening homiladorligingda azoblaringni o‘ta ko‘paytiraman. Farzandlaringni azobda tug‘asan. Ishtiyoqing eringga bo‘ladi, u esa sening ustingdan hukmronlik qiladi”, – dedi.
17. Odamga esa dedi: “Sen xotiningning so‘ziga quloq solganing uchun, Men senga: “Ema”, –deb buyurgan daraxtdan yeganing uchun yer yuzi sen tufayli la’natlandi. Butun umring bo‘yi undan azoblanib oziqlanasan.
18. Yer senga tikanu yantoq o‘stiradi, sen esa dala o‘tlari bilan oziqlanasan.
19. Sen o‘zing olingan yerga qaytguningcha peshana tering bilan non yeysan, chunki tuproqdirsan va tuproqqa qaytasan”.
20. Odam o‘z xotinining ismini Havva qo‘ydi, chunki u hamma yashovchilarning onasi bo‘ldi.
21. Rabbiy Xudo odamga va uning xotiniga teridan kiyim yasab, ularni kiyintirdi.
22. So‘ngra Rabbiy Xudo: “Mana, odam yaxshilik va yomonlikni bilib, Bizlarning birimizdek bo‘ldi. Endi qo‘lini cho‘zib, hayot daraxtining mevasidan ham olmasin va uni yeb, abadiy yashamasin!” – dedi.
23. Shunday qilib, Rabbiy Xudo, odamni o‘zi olingan yerga ishlov berishi uchun Adan bog‘idan chiqarib yubordi.
24. U odamni haydab yuborgach, hayot daraxtiga boradigan yo‘lni qo‘riqlash uchun Adan bog‘ining sharq tomoniga karubni va aylanadigan alangali qilichni qo‘ydi.
Bu yerda gunoh tufayli la’nat kelganini, yana bashorat so‘zini ko‘rishimiz mumkin: “Sen bilan xotin orasiga, sening urug‘ing bilan uning urug‘i orasiga dushmanlik solaman. U sening boshingni shikastlaydi, sen esa uning tovonini chaqasan”. Ayol zotidan bir zot kelishi lozimki, u shaytonning boshini shikastlaydi, shayton esa uning tovonini chaqadi, ya’ni yengil talofat yetkazadi. Bu insoniyatni shaytonning hukmronligidan qutqarish uchun keladigan Najotkor haqidagi ilk bashorat edi.
Yana ko‘ryapmizki, Xudo Odam Ato bilan Momo Havoga teridan kiyim yasab kiyintirdi. Bu nimani bildiradi? “…gunohning evazi – o‘lim”,-deyilgan Rim.6:23da. Gunoh qilgan odam o‘limga mahkum. Odam Ato va Momo Havo gunoh qilishdi. Xudoning Ruhi ularni tark etib, ular o‘sha lahzada ruhan o‘lishdi. Endi tanalariga o‘lim kirgan edi, ular oldin abadiy yashash uchun yaratilgan bo‘lsalar, endi ma’lum vaqtdan so‘ng o‘lishlari lozim edi. Joni esa abadiy narsa bo‘lgani uchun do‘zaxga mahkum edi. Xudo ularning anjir barglaridan qilingan kiyimlarini qabul qilmadi, balki bir jonivorni qurbon qilib, terisini ularga kiyintirdi. Bu ularning gunohlarini qoplash uchun qon to‘kilishi kerakligi va inson Xudoning qarshisida o‘zi gunohini o‘z hatti- harakatlari bilan qoplay olmasligi, gunohidan qutula olmasligining timsoli edi.
Bu yerda yana bir daraxt haqida gap ketyapti: Hayot daraxti. Undan yegan odam abadiy yashar edi. Gunoh tufayli odamzod abadiy hayot beruvchi hayot daraxtidan totishdan mahrum bo‘ldi. Shu uchun odamzodning abadiy hayotga ega bo‘lish uchun qilayotgan hamma ishlari befoydadir.
5-kun.
NUH PAYG‘AMBAR VA SUV TOShQINI
Ibtido.6:5-22. “5.Xudo yer yuzida odamlarning buzuqligi buyuk ekanini va ularning yuragidagi hamma o‘y-fikrlari doimo faqat yomonlik ekanini ko‘rdi.
6. Rabbiy yerda insonni yaratganidan afsuslanib, yuragida qayg‘urdi.
7.Shunda Rabbiy dedi: “O‘zim yaratgan insonlarni yer yuzidan qirib tashlayman. Insondan tortib chorvagacha, sudralib yuruvchilar va osmondagi qushlargacha qirib tashlayman, chunki ularni yaratganimdan afsusdaman”.
8.Biroq Nuh Rabbiyning nigohida iltifot topdi.
9.Mana bu Nuhning nasabnomasi: Nuh o‘z avlodida haq va benuqson odam bo‘lib, Xudoning qarshisida yurar edi.
10.Nuh Shem, Xam va Yafet ismli uchta o‘g‘ilni dunyoga keltirdi.
11. Yer esa Xudoning ko‘z o‘ngida buzilib borar edi, bor zamin zo‘ravonlikka to‘lgan edi.
12.Xudo yer yuziga nazar tashladi – mana, u buzilgan edi, chunki yerdagi har bir vujud o‘z yo‘lini buzgan edi.
13.Shunda Xudo Nuhga dedi: “Mening ko‘z oldimda har bir vujudning oxirati keldi, chunki yer ulardan zo‘ravonlikka to‘ldi. Endi Men ularni yer yuzidan qirib tashlayman.
14.Sen shamshod daraxtidan kema yasa, kemaning ichida xonalar qil va kemaga ichkaridan hamda tashqaridan qatron surtgin.
15.Uni shunday yasa: kemaning uzunligi uch yuz tirsak, kengligi ellik tirsak, balandligi esa o‘ttiz tirsak bo‘lsin.
16.Kemada tuynuk yasab, uni kemaning tepasida bir tirsak qilib tugat. Kemaning eshigini uning yon tomonidan qil. Kemani pastki, ikkinchi va uchinchi qavatli qilib qur.
17.Mana, Men osmon ostidagi hayot nafasiga ega bo‘lgan har bir vujudni halok qilish uchun yer yuziga suv toshqinini yuboraman. Yerdagi bor mavjudot halok bo‘ladi.
18.Ammo sen bilan ahd tuzaman va sen bilan birga o‘g‘illaring, xotining, o‘g‘illaringning xotinlari kemaga kirasizlar.
19.Shuningdek, tirik qolishlari uchun o‘zing bilan birga hamma jonzoddan, har bir vujuddan kemaga bir juftdan olib kirgin; ulardan biri erkak, biri urg‘ochi bo‘lsin.
20.O‘z turiga ko‘ra qushlardan, o‘z turiga ko‘ra chorvalardan, o‘z turiga ko‘ra sudralib yuruvchilardan – hammasidan bir juftdan tirik qolishlari uchun sening yoningga kirsin.
21.Sen o‘zing bilan yegulikka har xil ovqatdan olib, ularni g‘amla. U senga va ularga oziq bo‘ladi”.
22.Nuh xuddi shunday qildi. U hammasini Xudo buyurganidek bajardi”.
Odamzod Xudodan uzoqlashganidan so‘ng, shayton ularni boshqara boshladi va ularning fikrlari ham, ishlari ham kundan kunga gunohkorona bo‘ldi. Ularning gunohlarining kosasi to‘ldi va Xudo ularni suv toshqinida yo‘q qilishni rejalashtirdi. Lekin Nuh gunohkorlar ichra Xudoning qarshisida yuradigan, ya’ni Xudoni izlaydigan, Xudoga ma’qul ishlarni qilib, noma’qulini qilmaydigan odam edi. Xudo uni oilasi bilan saqlab qolib, ular orqali odamzod naslini saqlab qoldi. Biz ba’zan: “Ko‘pchilik nima bo‘lsa shu, Xudo hammani do‘zaxga yubormaydi-ku”, yoki ko‘pchilik bir xil fikrlasa: “Shuncha odam adashmaydi-ku”, deb o‘ylaymiz. Lekin mazkur tarixiy voqea hamma gunoh qilib yursa hamma do‘zaxga ketishi mumkinligini, ko‘pchilik xato qilish mumkinligini isbotlaydi.
Nuh esa hamma odamlar yashaganidek yashamadi, Xudoning ovoziga quloq soldi va hamma narsani Xudo aytganidek qildi. Hozir ham ba’zilar: “Hamma gunoh qilyapti-ku”, – deb hammadek yashashga harakat qiladi, lekin Xudodan qo‘rqadiganlar boshqalarga emas, Xudoga qarab yashashadi va Xudo buni ko‘rib, ularni taqdirlaydi.
6-kun.
XUDONING ILK AHDI VA AHDNING ALOMATI
Ibtido 9:11-17.
“11.Men sizlar bilan shunday ahd tuzaman: endi boshqa toshqin suvlari tufayli bor mavjudot qirilmaydi, yerni barbod qilish uchun boshqa toshqin ham bo‘lmaydi”.
12.So‘ngra Xudo dedi: “Men sizlar bilan hamda sizlar bilan birga bo‘lgan har bir tirik jon bilan tuzayotgan, avlodlardan-avlodlarga o‘tadigan ahdning alomati shunday:
13.Men bulutlarda kamalak o‘rnataman va u Mening yer bilan ahdimning alomati bo‘ladi.
14.Er yuziga bulut keltirganimda, bulutlarda kamalak ko‘rinadi.
15.Shunda Men sizlar bilan va har bir vujuddagi barcha tirik jonzod bilan qilgan ahdimni eslayman. Yana barcha mavjudotni qirish uchun suv toshqini bo‘lmaydi.
16.Kamalak bulutlarda bo‘ladi. Men uni ko‘rganimda, Xudo va yerdagi har bir vujuddagi barcha mavjudot orasidagi abadiy ahdni esga olaman”.
17. Shu tariqa, Xudo Nuhga dedi: “Mening yerdagi har bir mavjudot bilan tuzgan ahdimning alomati ana shu bo‘ladi”.
Xudo odamzodga hech qachon befarq bo‘lmagan. U doimo odamzod bilan yo‘qotilgan munosabatni tiklashga harakat qilgan. Lekin gunoh ta’sir qilgan odamzod tobora gunohkorona fikrlab, gunohkorona yashab Xudodan uzoqlashib boravergan. Shunda Xudo odamzodni gunohi uchun jazolashga mayubur bo‘ldi, shunda ham qarshisida haq yashashga harakat qilgan Nuhni oilasi bilan saqlab qoldi, keyin esa yanada munosabatlarda olg‘a bordi: ODAMZOD VA TIRIK JONLAR BILAN AHD TUZDI! Boshqa suv toshqinidan bor mavjudot qirilmaydi! Bu ahdning alomati ko‘kdagi kamalak bo‘ldi. Har daf’a, bizlar ko‘kda kamalakni ko‘rganimizda Xudoning mavjudot bilan tuzgan ahdini, boshqa butun yer suv toshqini bilan halok qilinmasligini eslashimiz mumkin.
Bu Xudoning odamzod bilan tuzgan ilk, shartsiz ahdi edi.
7-kun.
BOBIL MINORASI
Ibtido 11:1.
“1.Butun yer yuzida bir til va bir sheva edi.
2.Ular sharqdan ko‘chib, Shinar yerida tekislik topib, u yerda joylashdilar.
3.Ular bir-birlariga: “Kelinglar, g‘isht yasab olovda kuydiramiz”, – dedilar. Shunday
qilib, ular tosh o‘rniga g‘isht, ohak o‘rniga qatron ishlata boshladilar.
4.Ular: “Kelinglar, o‘zimizga shahar hamda boshi osmonga yetar minora quramiz. Shu tariqa, butun yer yuziga tarqalib ketishdan avval, nom chiqaramiz”, – dedilar.
5. Rabbiy esa inson o‘g‘illari qurayotgan shahar va minorani ko‘rish uchun tushib keldi.
6 Shunda Rabbiy dedi: “Mana, hammasi bitta xalq, hammalarining tili ham bir. Ular buni qilishni boshladilar, niyat qilgan ishlarini tamomlashdan ularni hech narsa to‘xtata olmaydi.
7. Endi pastga tushaylik-da, ularning tilini aralashtirib tashlaylik, toki bir-birlarining gaplarini tushunmasinlar”.
8. Shunday qilib, Rabbiy odamlarni u joydan butun yer yuziga tarqatib yubordi va ular shahar qurishni to‘xtatishdi”.
Xudo Odam Atoga “er yuzini to‘ldiringlar”, – deb amr bergan edi. Bu yerda esa odamlarning bir joyda minora qurib o‘zlariga nom chiqarishni rejalashtirishlarini ko‘rishimiz mumkin. Nuh davrida odamlar gunoh ortidan yurgan bo‘lsalar, bu yerda mag‘rurlik ortidan yurdilar. Gunoh ortidan yurish ham, mag‘rurlik ham Xudoga ma’qul emas. Odamzod gunoh ketidan yurganida Xudo suv toshqinida gunohkorlarni nobud qilganidek, bu yerda mag‘rurliklari mahsuli minorani buzishini ko‘rishimiz mumkin. Bu voqea odamlarning Xudoni bilsalar ham, Xudoning irodasini bilsalar ham Xudoning istagi bilan yashamasliklari mumkinligini ko‘rsatadi. Yana ko‘ryapmizki, ko‘pchilik bir ishni qilsa bu albatta to‘g‘ri ish ekanligini bildirmaydi, ko‘pchilik adashishi mumkin.
8-kun.
IBROHIM PAYG‘AMBAR
Ibtido 12:1-8. Rabbiy Ibromga dedi: “O‘z yeringdan, ona yurtingdan, o‘z otangning uyidan chiqib, Men senga ko‘rsatadigan yerga borgin.
2 Men sendan buyuk xalq yarataman. Seni duo qilib, nomingni ulug‘layman. Sen duo-barakali bo‘lasan.
3 Seni duo qilganlarni Men duo qilaman, seni la’natlaganlarni Men la’natlayman. Yer yuzidagi barcha qabilalar senda baraka topadilar”.
4 Rabbiy aytganidek, Ibrom chiqib ketdi. Lut ham u bilan birga ketdi. Ibrom Xarandan chiqib ketganida yetmish besh yoshda edi.
5 Ibrom o‘z xotini Sorayni, o‘z birodarining o‘g‘li Lutni, to‘plagan bor mol-mulklarini hamda Xaranda ega bo‘lgan odamlarini o‘zi bilan birga olib, Kan’on yeriga borish uchun yo‘lga tushdi. Nihoyat, ular Kan’on yeriga yetib kelishdi.
6 Ibrom u yerdan o‘tib, Sheqem degan joydagi Moreh tekisligiga keldi. O‘sha vaqtda bu yerda kan’onliklar yashar edilar.
7 Rabbiy Ibromga zohir bo‘lib: “Men bu yerni sening urug‘ingga beraman”, – dedi. Ibrom esa o‘sha yerda unga namoyon bo‘lgan Rabbiyga qurbongoh qurdi.
8 So‘ngra Ibrom u yerdan Betelning sharq tomonidagi toqqa ko‘chdi. Shunday qilib, u g‘arb tomoni Betel, sharq tomoni Gay bo‘lgan joyda chodir tikdi. O‘sha yerda u Rabbiyga qurbongoh qurib, Rabbiyning nomini chaqirdi.
Odamzod yuqori boblarda ta’riflanganidek, gunohga, mag‘rurlikka, butparastlikka berilib borar edi va hamma o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb hisoblar edi. Shunda Xudo odamzod ichra Ibrohimni tanladi va o‘z yeridan ketishini buyurdi. Bu ramziy ma’noda o‘z yeri, xalqini qo‘yib Xudoning ortidan borishini bildirar edi, chunki yeri va xalqi o‘zi Xudoning ortidan yurmas, unga ham borgani qo‘ymas edi. Ibrom o‘z yeridan oilasi va mulki bilan chiqib ketdi, bu o‘tmishi bilan xayrlashib, yangi hayotda bor-budi bilan borishining timsoli edi. Xudo uning qurbonligini ko‘rdi va unga namoyon bo‘lib unga urug‘ va meros yer va’da berdi. Ahamiyatlisi shunda ediki, Ibromning o‘z yerida hamma narsasi bor edi, lekin farzandi yo‘q edi. Xudoning ortidan yurganidan so‘ng u naslga va nasliga qoldiradigan yerga ega bo‘ldi!
U uyidan chiqib ketib, shunchaki darbadar yurmadi, balki har bir qadamida Xudoni izladi, qurbongoh qurib, qurbonliklar keltirib Xudoning nomini chaqirdi. Xudo esa unga javob berar va unga yo‘l ko‘rsatar edi. Biz ham Xudoning ortidan borishga qaror qilsak va har qadamimizda Uni izlasak, Uni chorlasak, U bizlarni ham boshqaradi va yo‘l ko‘rsatadi!
9-kun.
MUSO PAYG‘AMBAR VA PESAH QURBONLIGI
Chiq.12:21-28.
21.Shundan keyin Muso Isroilning hamma oqsoqollarini chaqirtirib, ularga shunday dedi: “Oilangiz uchun qo‘zi tanlab olib, Pesah bayramiga qurbonlikni so‘yinglar.
22.Keyin hissop o‘tidan bir tutam olib, idishdagi qonga botirib olinglar. Shunday qilib, uylaringiz eshiklarining ikkala yondoriga va tepasiga idishdagi qondan surtinglar. Tonggacha birortangiz uyingizdan chiqmanglar.
23.Chunki Rabbiy Misrni shikastlash uchun chiqadi va eshiklaringizning tepasidagi hamda ikkala yondoridagi qonni ko‘rib, uylaringizni chetlab o‘tadi, halok qiluvchi shikastlash uchun sizlarning uylaringizga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.
24.Bunga o‘zlaringiz uchun va avlodlaringiz uchun abadiy qonun deb rioya qilishingiz lozim.
25.Rabbiy sizlarga berishni va’da qilgan yerga kirganlaringizdan keyin ham bu xizmatga rioya qilaveringlar.
26.Bolalaringiz sizlardan: “Bu xizmatning ma’nosi nima?” – deb so‘raganlarida, shunday javob beringlar:
27.“Bu Rabbiyga bag‘ishlangan Pesah qurbonligidir. Rabbiy misrliklarni shikastlayotganida, Misrdagi Isroil o‘g‘illarining uylarini chetlab o‘tdi va bizning xonadonlarimizni omon saqlab qoldi”. Shunda Isroil xalqi ta’zim qilib, tiz cho‘kdilar.
28.So‘ngra Isroil o‘g‘illari borib, Rabbiy Muso bilan Aharonga bergan amr bo‘yicha ish tutdilar.
Ibrohimning nasli ocharchilik tufayli Misrga borib qoladi. Yoqubning o‘g‘li Yusuf Misrga qullikka sotiladi va Xudoga bo‘ysunib yashagani uchun g‘ayritabiiy aqlga ega bo‘lib, fir’avn davlatida fir’avndan so‘ng 2-shaxs bo‘lish darajasiga ko‘tariladi. O‘shanda butun yer uzra ocharchilik bo‘ladi va Yusuf qarindoshlarini Misrga chaqirtirib keladi. Ular u yerda shohona izzatda yashay boshlaydilar.
Asrlar o‘tib, Yusufni bilmaydigan fir’avn ko‘tarilganida, misrliklar o‘z ixtiyori bilan kelgan yahudiy xalqini qul qilib oladilar. Shunda yahudiy xalqi ota-bobolarining Xudosiga iltijo qiladi. Xudo xalqi orasidan Musoni payg‘ambar qilib ko‘taradi. U xalqini ozodlikka qo‘yib yuborishini so‘rab fir’avnning oldiga yuboradi. Lekin fir’vn qo‘yib yuborishni istamaydi. Shunda Xudo Misrga o‘n jazoni yuboradi. O‘ninchi jazo misrliklarning to‘ng‘ichlari halok bo‘lishi bo‘lib, Xudoning xalqi bundan o‘zini quyidagicha himoya qilishi mumkin edi. Ular qo‘zi olib so‘yishlari va qo‘zining qonini eshiklariga surtishlari lozim edi. Tunda o‘lim farishtasi tushib kelishi, qaysi eshikda qonni ko‘rsa, u eshikka kirmasligi, qon surtilmagan eshikka kirib to‘ng‘ichlarni halok qilishi lozim edi. Xudoning xalqi Xudoning so‘ziga rioya qilgani uchun omon qoldi, misrliklarning esa hammasining uyida to‘ng‘ichlar halok bo‘ldi. Mana shuni Xudo xalqiga avlodlar osha nishonlashni buyurdi. Uning nomi Pesah bayrami bo‘lib, Pesah so‘zi – o‘lim chetlab o‘tdi, degan ma’noni bildiradi.
10-kun.
O‘NTA AMR
Chiqish 20:1-17.
1. Keyin Xudo quyidagi so‘zlarni aytdi:
2. “Men seni Misr yeridan, qullik xonadonidan olib chiqqan Rabbiy Xudoyingman.
3. Mening yuzim qarshisida o‘zga xudolaring bo‘lmasin.
4. O‘zingga hech qanday butni yoki osmonda, yoki yerda, yoki yer ostidagi suvda mavjud bo‘lgan biror narsaning shaklini yasamagin.
5. Ularga sajda qilmagin va xizmat qilmagin, chunki Men, sening Rabbiy Xudoying – rashkli Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarning farzandlarini otalarining aybi uchun uchinchi, hatto to‘rtinchi avlodlarigacha jazolayman.
6. Lekin Meni sevadigan va amrlarimga rioya qiladiganlarning minginchi avlodlarigacha shafqat qilaman.
7. Rabbiy Xudoyingning ismini behudaga tilga olmagin. Zero Rabbiy Uning ismini behudaga tilga oladiganni jazosiz qoldirmaydi.
8. Shabbat kunini yodda tutib, uni muqaddas saqla.
9. Olti kun ishlagin va hamma ishlaringni qilgin,
10. ettinchi kun esa Rabbiy Xudoyingizga atalgan shabbat kunidir. Bu kuni o‘zing ham, o‘g‘ling ham, qizing ham, quling ham, cho‘ring ham, hayvoning ham, uyingdagi musofir ham hech qanday ish qilmanglar.
11. Zero Rabbiy olti kun davomida osmonu yerni, dengizni va ulardagi hamma mavjudotlarni yaratdi. Yettinchi kuni esa ishlaridan tindi. Shuning uchun shabbat kunini muborak qilib muqaddasladi.
12. Ota-onangni hurmat qilgin. Shunda Rabbiy Xudoying senga berayotgan yerda umring uzoq bo‘ladi.
13. Qotillik qilmagin.
14. Zino qilmagin.
15. O‘g‘rilik qilmagin.
16. Yaqiningga qarshi yolg‘on guvohlik bermagin.
17. Yaqiningning uyini istamagin, yaqiningning xotinini, qulini yoki cho‘risini, molini yoki eshagini, unga tegishli bo‘lgan biror narsani istamagin”.
Xudo xalqini Misr qulligidan olib chiqdi va ularga 10ta amrni berdi. Odam shu o‘nta amrni bajarishga harakat qilib yashasa – gunohlaridan, abadiy o‘limdan najot topar, agar birortasini buzib qo‘ysa hammasini buzgan hisoblanar edi. Xudo amrni berganidan sabab – odamzodga qanday yashab Unga ma’qul bo‘lish mumkinligini ko‘rsatish edi, lekin biror odam o‘z kuchi bilan bu amrlarning hammasini, hamma vaqt bajara olmaydi. Bu bizlarga Xudoning talabini, hamda bu talablarni bajarish uchun Xudoga muhtojligimizni ko‘rsatadi. Xudoning oldiga, jannatga, ya’ni Osmon Shohligiga o‘z kuchimiz bilan bora olmaymiz, hammamiz Xudoning oqlashiga, najot berishiga umid qilishimiz lozim.
11-kun.
XUDO BILAN SUHBATLAShISh TARTIBI
Levit 4:13-21.
13.”Agar butun Isroil jamoasi bilimsizlik tufayli gunoh qilib qo‘ysa va bu jamoa ko‘zidan yashirin qolsa, qilishi mumkin bo‘lmagan ishni qilib, Rabbiyning amrlariga qarshi biror nima qilishsa va aybdor bo‘lishsa,
14. unda, ular qilgan gunoh ayon bo‘lgach, butun jamoadan gunoh uchun qurbonlikka katta qoramoldan ho‘kizni taqdim qilishsin va uni yig‘in chodiri qarshisiga keltirishsin.
15. Jamoaning oqsoqollari Rabbiyning qarshisida qo‘llarini ho‘kizning boshiga qo‘yib, uni Rabbiyning qarshisida so‘ysinlar.
16. Moylangan ruhoniy esa ho‘kizning qonini yig‘in chodiriga kiritsin.
17. Ruhoniy barmog‘ini qonga botirib, Rabbiy qarshisida muqaddasgoh pardasi qarshisida yetti marta qonni purkasin.
18. So‘ng ruhoniy qondan olib Rabbiy qarshisida turgan, yig‘in chodiri ichidagi qurbongoh shoxiga surtsin, qolgan qonni esa yig‘in chodiri eshigi oldidagi tamoman yondirish qurbongohi etagiga to‘ksin,
19. hamda buqaning bor yog‘ini chiqarib olib qurbongohda yoqib yuborsin.
20. U gunoh uchun keltirilgan ho‘kizni nima qilishsa, bu ho‘kizni ham shunday qilsin; uni shunday qilish lozim va shu tarzda, ruhoniy jamoani poklaydi va ular kechiriladi.
21. Ho‘kizni esa qarorgohdan tashqariga chiqarib, avvalgi ho‘kizni yondirgani kabi, yoqib yuborsin. Bu – jamoa gunohi uchun qurbonlikdir”.
Odam Ato gunoh qilgunicha Xudo bilan to‘g‘ridan –to‘g‘ri suhbatlashar edi. Gunoh qilganidan so‘ng esa gunoh oralarida to‘siq bo‘ldi. Endi odamlar Xudo bilan ruhoniylar va payg‘ambarlar orqaligina suhbatlasha olar edilar. Bu uchun odam Xudoga arzini aytishni, iltijo qilishni istasa, ma’badga qurbonlik uchun hayvon keltirishi lozim bo‘lgan. Odam qo‘lini hayvonning boshiga qo‘yib, ibodat qilib gunohini hayvonga o‘tkazadi. Gunoh hayvonga o‘tadi, bu hayvon so‘yiladi, begunoh hayvonning qoni odamning gunohini ustidan qoplaydi. Ruhoniy hayvonning qoni bilan Xudoning ma’badiga kiradi, xalqning arzini Xudoga aytadi, Xudodan So‘z olib, Uni xalqqa yetkazadi. Bu yerda jamoa gunohi uchun qurbonlik haqida gap ketar ekan, yana bir bora bizlar ko‘pchilik bilib yoki bilmay gunoh qilib yashashi mumkinligini ko‘rishimiz mumkin.
12-kun.
ESKI AHDDA MASIH KELIShI HAQIDAGI BA’ZI BAShORATLAR
Ibtido 3:14. Shunda Rabbiy Xudo ilonga dedi: “Sen shunday qilganing uchun hamma chorvalar, barcha dala hayvonlari orasida la’natisan. Umring bo‘yi qorning bilan yurib tuproq yeysan.
15 Sen bilan xotin orasiga, sening urug‘ing bilan uning urug‘i orasiga dushmanlik solaman. U sening boshingni shikastlaydi, sen esa uning tovonini chaqasan”.Ilk bashoratni Adan bog‘ida Momo Havodan urug‘ kelib chiqishi haqidagi bashoratda o‘qidik(Ibt.3:14-15).
Ishayyo 7:14. Shuning uchun Rabbiyning O‘zi sizlarga alomat beradi: mana, bokira qiz homilador bo‘ladi va o‘g‘il tug‘adi. Unga Immanuel, deb ism qo‘yishadi. Immanuil degani Xudo biz bilan demakdir.
Mikah 5:2. Ey, Betlehem Efratah, sen Yahudoning minglab avlodlari aro kichikmisan? Isroilda Hukmdor bo‘lishi kerak bo‘lgan Shaxs Menga ayni sendan kelib chiqadi. Uning kelib chiqishi azaldan, abadiyat kunlaridandir.
Ishayyo 9:1. O‘tgan davr Zabulun yerini va Naftali yerini kamsitdi. Lekin keyingi davr dengiz bo‘yidagi yo‘lni, Yordan ortidagi mamlakatni, majusiylarning Galiliyasini yuksaltiradi.
2 Zulmatda yurgan xalq buyuk nur ko‘radi. O‘lim soyasining yerida yashaganlarga nur porlaydi.
3 Sen xalqni ko‘paytirding, uning quvonchini oshirding. Bu xalq yig‘im-terim vaqtida quvongandek va o‘ljani bo‘lishayotganda shodlangandek Sening oldingda quvonadi.
4 Chunki Sen unga og‘ir yuk bo‘lgan bo‘yinturuqni, uni urgan hassani va uning zulmkorining tayog‘ini midianliklar bilan jang kunidagidek yakson qilding.
5 Zero urushdagi jangchilarning poyafzali va qonga bulg‘angan kiyimining barchasi olovga ozuqa qilib yondirilishga beriladi.
6 Zero bizga Chaqaloq tug‘ildi, bizga O‘g‘il berildi. Hukmronlik Uning yelkalaridadir va Unga: Ajoyib, Maslahatchi, Qudratli Xudo, mangu Ota, tinchlik Hokimi, deb nom beriladi.
7 Dovudning taxtida va uning shohligida Uning hukmronligi hamda tinchligining cheki bo‘lmaydi. U buni bugundan toabad adolat va haqiqat bilan o‘rnatadi va mustahkamlaydi. Qo‘shinlar Xudovandining rashki buni amalga oshiradi.
Ishayyo 42:1. Mana, Men qo‘llaydigan Mening qulim, jonim iltifot qiladigan Mening tanlaganim. O‘z Ruhimni Unga quydim va U xalqlarga hukmni e’lon qiladi.
2 U qichqirmaydi, ovozini ko‘tarmaydi ham va uni ko‘chalarda eshitishga qo‘ymaydi.
3 U siniq qamishni sindirmaydi va tutayotgan zig‘ir pilikni o‘chirmaydi. U haqiqat bo‘yicha hukm qiladi.
4 Yer yuzida adolat o‘rnatmagunicha zaiflashmaydi va ezilmaydi. Uning qonuniga orollar umid qiladilar.
5 Samolarni yaratgan va falakni yozgan, yer yuzini uning o‘simliklari bilan birga yoygan, undagi xalqqa nafas ato qilayotgan va unda yuruvchilarga ruh berayotgan Rabbiy Xudo shunday deydi:
6 “Men Rabbiy, Seni haqlikda da’vat qildim. Men Seni qo‘lingdan ushlab turaman va Seni asrayman. Men Seni ma’jusiylarga nur bo‘lishga xalqlar uchun ahd qilib qo‘yaman.
7 Men buni ko‘rlarning ko‘zlarini ochish, mahbuslarni qamoqxonadan va zulmatda o‘tirganlarni zindondan chiqarish uchun qilaman.
8 Men Rabbiyman, bu – Mening ismimdir. Men O‘z shuhratimni o‘zgaga va maqtovlarimni butlarga bermayman.
9 Mana, avvalgilari bajo bo‘ldi va sizlarga yangisini e’lon qilaman. U sodir bo‘lishidan oldin, Men sizlarga xabar qilaman.
Qonunning takrorlanishi kitobi 18:18.Men ularga birodarlarining orasidan xuddi senga o‘xshagan Payg‘ambarni ko‘taraman, O‘z so‘zlarimni Uning og‘ziga solaman va Men Unga buyurgan hamma narsani U ularga aytadi. Kimki O‘sha Payg‘ambar Mening nomim bilan aytadigan Mening so‘zlarimga quloq solmasa, o‘sha odamdan Men buning javobini talab qilaman.
Muso payg‘ambar kabi Iso Masih tug‘ilganida ham chaqaloqlar qirg‘in qilingan, ikkalovining ham yoshligi Misrda o‘tgan, ikkalovlari ham xalqni qullikdan chiqarishgan: Muso Misr qulligidan, Iso Masih gunoh qulligidan.
13-kun.
MASIHNING DUNYoGA KELIShI
Luqo xushxabari 2:8-20.
8.”O‘sha o‘lkada cho‘ponlar bor edilar. Ular o‘z podalarini qo‘riqlab, dalada tunar edilar.
9.Birdaniga Xudoning farishtasi ularga zohir bo‘ldi va Rabbiyning shuhrati ularni yoritib yubordi, shunda ularni vahima bosdi.
10.Farishta ularga xitob qildi: “Qo‘rqmanglar! Men sizlarga barcha odamlarga bo‘ladigan buyuk quvonch haqidagi xushxabarni keltirmoqdaman.
11.Chunki bugun Dovudning shahrida sizlar uchun Najotkor tug‘ildi. U – Rabbiy Masihdir.
12.Mana, bu sizlarga alomat: sizlar yo‘rgakka o‘ralgan, oxurda yotgan chaqaloqni topasizlar”.
13.To‘satdan farishta bilan birga Xudoni ulug‘layotgan sanoqsiz samoviy qo‘shinlar zohir bo‘lib, bunday xitob qila boshladilar:
14.“Yuksaklikda Xudoga shuhrat va yer yuzida tinchlik, insonlarga iltifotdir!”
15.Farishtalar ularning oldidan osmonga ko‘tarilganlarida, cho‘ponlar bir -birlariga: “Qani, yuringlar, Betlehemga borib, Rabbiy bizga bildirganicha, u yerda nima sodir bo‘lganini ko‘raylik!” – dedilar.
16.Ular shoshilib kelgach, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan Chaqaloqni topdilar.
17.Buni ko‘rganlarida, ularga bu Chaqaloq haqida nima xabar qilinganini aytib berdilar.
18.Barcha eshitganlar cho‘ponlarning ularga aytgan gaplariga hayron bo‘ldilar.
19.Ammo Maryam bu hamma so‘zlarni yuragida tutib, ular haqida mulohaza qilar edi.
20.Cho‘ponlar hamma narsani aynan ularga aytilganidek eshitganlari va ko‘rganlari uchun Xudoni ulug‘lab, madh etib orqalariga qaytdilar”.
Masih tug‘ilganida butun ruhiy dunyo qo‘zg‘alib, buni odamzodga xabar qildi: Xudoning farishtasi cho‘ponlarga zohir bo‘ldi, Rabbiyning shuhrati ularni yoritdi. Ular qilgan xabar butun odamzodga tegishli edi: odamlarning gunohi uchun o‘lib ularga najot beradigan Najotkor dunyoga kelgan edi!
14-kun.
MASIHNING VAZIFASI
Yuhanno hushzabari 1:29-34.
29.Ertasi kuni Yahyo uning oldiga kelayotgan Isoni ko‘rib dedi: “Mana, dunyoning gunohini O‘ziga oladigan Xudoning Qo‘zisi.
30 Men: “Ortimdan bir Kishi kelmoqda, U mendan oldinga o‘tdi, chunki mendan oldin U bor edi”, –degan Odam Shudir.
31 Men Uni bilmas edim, ammo U Isroilga namoyon bo‘lishi uchun men suvga cho‘mdirgani keldim”.
32 Yahyo guvohlik berib dedi: “Men osmondan kabutardek tushib kelayotgan va Unga qo‘ngan Muqaddas Ruhni ko‘rdim.
33 Men Uni bilmas edim, ammo suvga cho‘mdirish uchun meni Yuborgan menga dedi: “Kimga Ruh tushib kelayotganini va Unga qo‘nganini ko‘rsang, O‘sha Muqaddas Ruhga Cho‘mdiruvchidir”.
34 Men esa ko‘rdim va guvohlik berdim: Mana, Shu – Xudoning O‘g‘lidir”.
Har bir payg‘ambarning o‘z vazifasi bo‘lgan. Iso Masihning vazifasi – odamzodning gunohi uchun o‘lib, ularni gunohdan poklash bo‘lgan. Nima uchun? Chunki Odam Ato gunoh qilgani tufayli, odamzod abadiy o‘limga mahkum bo‘ldi, endi hamma do‘zaxga borishga mahkum. Lekin Xudo odamlarni yaxshi ko‘radi, ular bilan suhbatlashishni, ularni jannatga qaytarib olib kelishni istaydi. Odamzod bilan suhbatlashish masalasi hayvon so‘yib, qonini purkash bilan vaqtinchalik hal qilindi, chunki hayvonning qoni gunohni qoplar, lekin yuvib yubormas edi. Odam hayvon qurbonlik qilib qaytgach, yana gunoh qiladi, yana Xudo bilan suhbatlashish uchun hayvon qurbonlik qilish kerak. Bu qurbonlik gunohni yuvmagani uchun odam gunohdan qutula olmaydi. Shu uchun Xudo Odam Ato naslidan bo‘lmagan, ya’ni qoni gunohdan zararlanmagan shaxsni odamlarning gunohlari uchun qurbon qilishni lozim topdi. Lekin bunday odam yerda yo‘q edi.Chunki hamma odam Odam Ato naslidan bo‘lgan, Odam Ato esa gunoh qilganida qoniga gunoh kirib, endi butun odamzodga avlodma -avlod o‘tib kelayotgan edi. Shu uchun Muqaddas Ruhini bokira qiz bibi Maryamga yubordi. Undan homila paydo bo‘lib, dunyoga Iso Masih inson shaklida keldi. U tashqi qiyofadan inson edi, lekin ichida Xudoning Ruhi edi. Xudoning Ruhidan bino bo‘lgani uchun Xudoning O‘g‘li deb ataldi. Najotkor dunyoga kelganini Xudo yana bir payg‘ambari Yahyo Cho‘mdiruvchiga ham ayon qilib, unga guvohlik berdi.
15-kun. XUDONING GUVOHLIGI
Yuhanno xushxabari 3:13-17.
13. O‘shanda Iso Yahyodan suvga cho‘mish uchun Galiliyadan uning oldiga, Yordan daryosiga keldi.
14 Lekin Yahyo Isoni to‘xtatib: –Sen meni suvga cho‘mdirishing kerak, Sen mening oldimga kelyapsanmi? – dedi.
15 Iso unga javob berib dedi: –Qo‘y endi, chunki biz bor haqiqatni shu yo‘sinda amalga oshirishimiz lozim.
16 Suvga cho‘mdirilgach, Iso o‘sha zahoti suvdan chiqdi. Mana, Unga osmon ochildi va Yahyo Xudoning Ruhi Isoning ustiga kabutardek tushib kelganini ko‘rdi.
17 Osmondan esa: “Bu Mening sevimli O‘g‘limdir. Mening iltifotim Undadir”, – degan ovoz keldi.
Har qanday haqiqiy va soxta payg‘ambarlar Xudoning nomidan gapirishgan. Ularning hayot tarzlari, so‘zlarining amalga oshishi, mo‘’jizalarga qarab odamlar ularni Xudoning payg‘ambari deb tan olishgan yoki tan olishmagan. Iso Masih – Eski Ahd ham, Yangi Ahd ham, farishtalar, payg‘ambarlar, mo‘’jizalar, alomatlar, hatto shaxsan Xudoning O‘zining ovozi guvohlik bergan yer yuzida yashagan yagona Shaxsdir! Masihiylar odam aytgani uchun emas, Xudo aytgani uchun, U Xudoning Ruhidan barpo bo‘lgani uchun Iso Masihni Najotkor deb tan olishadi va Xudoning Ruhidan bunyod bo‘lgani uchun Xudoning O‘g‘li deb tan olishadi va Xudoning so‘ziga qarshi borayotgan har bir so‘zni Xudoga nisbatan shakkoklik deb hisoblashadi. Suvga cho‘mish – gunohlar va xudbinlik uchun o‘lish va Xudo uchun yashashning timsoli bo‘lib, begunoh bo‘lsa-da, Xudo shu tartibni o‘rnatgani tufayli Iso Masih ham shu marosimdan o‘tdi. Yahyo Cho‘mdiruvchi bilan suhbati Uning naqadar bo‘ysunuvchan, kamtarin bo‘lganining isbotidir. Aynan shundan so‘ng Muqaddas Ruh Unga tushib, Xudodan U haqida guvohlik so‘zi keldi. Xudoga, Uning So‘ziga itoatimiz har doim ustimizdan samoni ochadi va hayotimizga ilohiy barakalarni yog‘diradi!
16-kun.
OSMON ShOHLIGIGA KIRISh ShARTI
Yuhanno xushxabari 3:1-15.
1.Farziylar orasida Nikodim ismli bir odam bor edi, u yahudiylarning boshliqlaridan biri edi.
2 U Isoning oldiga tunda kelib, Unga: – Ravviy, Sen Xudodan kelgan Ustoz ekaningni biz bilamiz. Chunki hech kim, agar Xudo u bilan birga bo‘lmasa, Sen qilayotgan mo‘’jizalarni qila olmaydi, – dedi.
3 Iso unga javoban: – Rostini, senga rostini aytaman, agar kim yuqoridan tug‘ilmasa, Xudoning Shohligini ko‘ra olmaydi, – dedi.
4 Nikodim esa Unga: – Odam qari bo‘la turib qanday yana tug‘ilishi mumkin? Nahotki, u onasining qorniga ikkinchi gal kirib, tug‘ilishi mumkin? – dedi.
5 Iso javob berdi: – Rostini, senga rostini aytaman, agar kim suvdan va Ruhdan tug‘ilmasa, Xudoning Shohligiga kira olmaydi.
6 Tanadan tug‘ilgan tana, Ruhdan tug‘ilgan esa ruhdir.
7 «Yuqoridan tug‘ilishingiz kerak»,– deganimga hayron qolma.
8 Ruh qaerda istasa, o‘sha yerda nafas oladi. Uning ovozini eshitasan, biroq qaerdan kelayotganini va qaerga ketayotganini bilmaysan. Ruhdan tug‘ilgan har bir odam bilan ham shunday bo‘ladi.
9 Nikodim unga javoban: –Bu qanday bo‘lishi mumkin? – dedi.
10 Iso esa javob berib, dedi: –Sen Isroilning ustozisanu, shuni bilmaysanmi?
11 Rostini, senga rostini aytaman, bizlar bilgan narsamiz haqida so‘zlayapmiz va ko‘rgan narsamiz haqida guvohlik berayapmiz, sizlar esa Bizning guvohligimizni qabul qilmayapsizlar.
12 Agar sizlarga yerdagi narsalar haqida gapirgan so‘zlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar haqida so‘zlasam qanday ishonasizlar?
13 Osmonda bor bo‘lgan va osmondan tushgan Inson O‘g‘lidan tashqari hech kim osmonga chiqqan emas.
14 Muso ilonni sahroda baland ko‘targanidek, Inson O‘g‘li baland ko‘tarilishi kerak,
15 toki Unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin.
Iso Masihning yerlik hayoti va xizmati qarama-qarshi fikrlarga to‘la edi. Uning qilgan mo‘’jizalari tufayli xalq Uni Xudodan kelgan desa, Uning xalq ichida obro‘yiga hasad qilgan din ulamolari Unga qarshi gapirar edilar. Shunday ziddiyat davrida Nikodim, farziy odam, farziylar Xudo qonunini rashk qiladigan diniy oqim edi, yana boshliqlardan biri bo‘lgan shaxs Masih haqida o‘z fikriga ega bo‘ldi: “Agar Xudo U bilan bo‘lmasa siz qilayotgan mo‘’jizalarni qila olmaydi”. Yana shaxsan Masihning oldiga, haqiqatni O‘zidan eshitish uchun keldi. Shunda Masih Xudoning Shohligiga kirish kalitini berdi: “Yuqoridan tug‘ilish”. Nikodim buning nima ekanini tushunmaganida Masih aniqlashtirdi: “Ruhdan va suvdan tug‘ilish”. Nikodim yana tushunmadi. Shunda Masih Muso payg‘ambarning sahroda ilonni baland ko‘tarishi Iso Masihning baland ko‘tarilishi timsoli bo‘lganini ochdi. Ya’ni gunoh chaqayotgan, o‘ldirayotgan dunyoda Iso Masih nomi baland ko‘tarilishi kerak. Najotkorning vazifasi- gunohkor odamzodning gunohini O‘ziga olib o‘lish, odamzodga esa O‘z haqligini berish edi. Har bir odam gunohkorligini tan olganda, gunohning jazosi o‘lim ekanini bilganida, gunohi uchun abadiy o‘limga mahkum ekanini bilganida, lekin Xudo odamlarning o‘lishini, do‘zaxga ketishi istamasligini, shu uchun Masihni odamlarning gunohi uchun qurbon qilganini bilganida Masihga qaraydi, gunohini e’tirof etib, tavba qiladi, Masih qilgan qurbonlikka ishonadi va shu tufayli o‘lmasdan abadiy hayotga ega bo‘ladi. Gunohlariga tavba qilganidan Masihning qoni gunohlarini yuvadi va Uning ichiga Muqaddas Ruh kirib keladi, mana shu Ruhdan tug‘ilish deyiladi. Keyin gunohkorona hayot uchun o‘lgani, o‘zini Xudoga bag‘ishlagani timsoli sifatida suvga cho‘madi. Suv yana Xudoning So‘zining ham timsolidir. Odam Xudoning So‘zi bilan yashab gunohkorona hayot tarzini tark etganida suvdan tug‘ilgan hisoblanadi. Shu narsa Osmon Shohligiga kirish kaliti hisoblanadi.
17-kun.
HAYoTBAXSh SEVGI QURBONLIGI
Yuhanno xushxabari 3:16-21,36.
16.Chunki Xudo dunyoni shunchalik sevdiki, O‘zining Yagona O‘g‘lini berdi, toki Unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin.
17 Zero Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki O‘z O‘g‘li orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi.
18 Unga ishongan odam hukm qilinmaydi, ishonmagan odam esa allaqachon hukm qilingan, chunki Xudoning Yagona O‘g‘lining nomiga imon keltirmadi.
19 Hukm esa shundan iboratki – Nur dunyoga keldi, lekin odamlar Nurdan ko‘ra zulmatni ko‘proq sevdilar, chunki ularning ishlari yovuz edi.
20 Chunki yovuzlik qiladigan har bir kishi Nurdan nafratlanadi va Nur tomonga bormaydi, toki uning ishlari fosh bo‘lmasin, chunki uning ishlari yovuzlikdir.
21 Haqiqat bo‘yicha harakat qiluvchi esa Nur tomonga boradi, toki uning ishlari oshkor bo‘lsin, chunki ular Xudoda amalga oshirilgandir.
Agar odamzodni qutqarishning boshqa yo‘li bo‘lganida edi, Xudo Iso Masihga xochda o‘tish kabi azobli o‘limni ravo ko‘rmagan bo‘lar edi. Birov eng qadrli kishisi uchungina boshqa yaqinini qurbon qilishi mumkin. Bu Xudoning odamzodni naqadar sevishining alomatidir. Nima uchun Masihga ishongan kishi halok bo‘lmaydi? Chunki u gunohlari uchun Masih o‘lgani, shu tufayli, u gunohlaridan forig‘ bo‘lib osmon Shohligiga borishiga ishonadi va bu imoni unga jannatda abadiy hayot beradi. Masihga ishonmagan nima uchun mahkum? Chunki uni gunoh vabosidan qutqarishga qodir yagona vositani qabul qilmadi va gunohlari o‘zida qoldi. Bir kishi aytgan ekan: “Siz do‘zaxga Masihni qabul qilmaganingiz uchun emas, balki gunohlaringiz o‘zingizda qolgani uchun, shu gunohlaringiz uchun borasiz”.
18-oyatda “Masihga ishonmagan odam allaqachon hukm qilingan”, deyilmoqda. Demak Muqaddas Yozuvga binoan, bizlar Uni qabul qilmay o‘zimizni abadiy do‘zax azobiga mahkum qilar ekanmiz. Demak, Xudodan: “Shunday bo‘lsa O‘zing haqiqatingni och”, deb so‘rasak arziydi.
20-21oyatlarda aytilishicha, ba’zilarning haqiqat ochilganida ham Masihni qabul qilmasliklarining sababi gunohkorona yashashni sevishlaridir. Gunohni sevuvchilar Osmon Shohligini meros qilib olmaydilar. Shu uchun tanlash kerak: yoki vaqtinchalik gunohli hayot, oxiri do‘zax; yoki muqaddas hayot – oxiri Osmon Shohligi!
18-kun.
YaHYoNING GUVOHLIGI
Yuhanno xushxabari 3:28-36.
28. «Men Masih emasman, ammo men Uning oldidan yuborilganman», –deganimga sizlarning o‘zlaringiz guvohsizlar.
29 Kelinga ega bo‘lgan – kuyovdir, kuyovning yonida turib unga quloq solayotgan esa kuyovning jo‘rasidir, u kuyovning ovozini eshitib, quvonch bilan quvonadi. Mening mana shu quvonchim amalga oshdi.
30 U o‘sishi, men esa kichrayishim kerak.
31 Yuqoridan Keladigan hammadan yuqoridir. Yerdan bo‘lgan esa yerlikdir va yerga xos gapiradi. Osmondan Keladigan hammadan yuqoridir.
32 U nimani ko‘rgan-u eshitgan bo‘lsa, shu haqida guvohlik beradi va hech kim Uning guvohligini qabul qilmaydi.
33 Uning guvohligini qabul qilgan esa shu bilan Xudoning haqiqat ekanini muhrlab tasdiqlaydi,
34 chunki Xudo yuborgan Shaxs Xudoning so‘zlarini so‘zlaydi, zero Xudo Ruhini o‘lchovsiz beradi.
35 Ota O‘g‘lini sevadi va hamma narsani Uning qo‘liga topshirdi.
36 O‘g‘ilga ishongan abadiy hayotga egadir, O‘g‘ilga ishonmagan esa hayotni ko‘rmaydi, ammo Xudoning g‘azabi uning ustida bo‘ladi.
Hamma payg‘ambarlar yerlik odamlar bo‘lganlar, shu uchun yerga xos gapirganlar va yerliklar ularni tushunganlar. Iso Masih esa osmondan tushgan, shu uchun osmonga xos gapirgan, shu uchun odamlarning cheklangan ongi u kishining ilohiy, ruhiy, yuksak fikrlarini tushunmagan. Odamzodning gunohi uchun Iso Masih azob tortib qurbon bo‘lganlari uchun odamzodni hukm qilishni ham Xudo u Kishiga topshirgan. U kishiga ishongan va So‘zlariga binoan muqaddas yashagan odamlar gunohlaridan forig‘, abadiy hayotga ega yashaydilar, u kishiga ishonmaganlarning gunohlari o‘zlarida turgani tufayli ular Osmon Shohligiga ham kira olmaydilar, Xudoning g‘azabi ham ularning ustida bo‘ladi.
19-kun.
YaHYo ChO‘MDIRUVChI HAQIDA GUVOHLIK
Matto xushxabari 11:7-13.
Ular ketganlaridan keyin, Iso xaloyiqqa Yahyo haqida gapira boshladi: “Sizlar cho‘lga nimani ko‘rish uchun bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi?
8 Axir, nimani ko‘rish uchun bordingizlar? Mayin kiyim kiygan odamnimi? Mayin kiyim kiyganlar podshohlar saroylarida bo‘ladi!
9 Axir, nimani ko‘rish uchun bordingizlar? Payg‘ambarnimi? Ha, sizlarga aytamanki, payg‘ambardan ham ulug‘roq bo‘lgan odamni.
10 Chunki u haqida shunday yozilgan: “Mana, Men Sendan oldin O‘z elchimni yuboryapman, U Sening oldingda yo‘l tayyorlaydi.
11.Sizlarga rostini aytaman, ayoldan tug‘ilganlar orasida Yahyo Cho‘mdiruvchidan buyukrog‘i ko‘tarilgan emas, lekin Osmon Shohligida eng kichik bo‘lgani ham undan buyukroqdir.
12 Yahyo Cho‘mdiruvchining kunlaridan to hozirgacha Osmon Shohligi kuch bilan olinadi, kuch ishlatuvchilar esa uni qo‘lga kiritadilar.
13 Zero barcha payg‘ambarlar va Qonun Yahyo kunlarigacha payg‘ambarchilik qilganlar.
Yahyo Cho‘mdiruvchini payg‘ambarlardan ham ulug‘ odam deyilgan, chunki u Najotkorga yo‘l tayyorlagan, ya’ni odamlarning yuraklarini tavbaga tayyorlagan. Xudo esa faqat tavba qilishga qodir yurakkagina kelib, unga najot beradi. Bizlar Muso payg‘ambarni, yoki Ilyos payg‘ambarni buyuk payg‘ambar deyishimiz mumkin, lekin Kalom aynan Yahyo Cho‘mdiruvchini eng buyugi deb atamoqda. Nima uchun Osmon Shohligidagi undan buyukroq? Chunki Yahyo Cho‘mdiruvchi onadan tug‘ilgan, Osmon Shohligiga kiruvchilar esa tavba orqali Ruhdan tug‘iladilar. Ya’ni Masih kelib, odamlarning gunohi uchun o‘lib, ularga Muqaddas Ruhdan qayta tug‘ilish imkonini berdi. Endi gunohiga tavba qilib, Muqaddas Ruh unga kirishini so‘ragan har bir kishi ruhdan tug‘iladi va Xudoning Ruhiga, huzuriga, boshqaruviga ega bo‘ladi. Muqaddas Ruh ichlarida yashashi uchun endi vositachining keragi yo‘q, to‘g‘ridan –to‘g‘ri Xudo bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ladilar.
20-kun.
TIRILISh VA ABADIY HAYoT
Yuhanno xushxabari 11:17-26.
17. Shunday qilib, Iso u yerga kelganida, Lazarning to‘rt kundan buyon qabrda ekanligini bildi.
18 Betaniya Yerusalimga yaqin bo‘lib, undan o‘n besh stadios masofada edi.
19 Yahudiylarning ko‘pchiligi Marta va Maryamning oldiga, ularning akasining vafoti munosabati bilan ularni yupatish uchun keldilar.
20 Shu orada, Marta Isoning kelayotganini eshitgan zahoti, uni kutib olgani chiqdi, Maryam esa uyda o‘tirar edi.
21 Shunda Marta Isoga dedi: –Hazrat, agar Sen shu yerda bo‘lganingda edi, mening akam o‘lmagan bo‘lar edi.
22 Ammo men bilaman, hozir ham Sen Xudodan nimaiki so‘rasang, Xudo Senga beradi.
23 Iso unga: –Akang tiriladi, – dedi.
24 Marta Unga: –Bilaman, o‘liklarning tirilishida, oxirgi kunda tiriladi, – dedi.
25 Iso esa unga: –Men tirilish va hayotdirman, – dedi, – Menga ishongan odam o‘lsa ham tiriladi.
26 Menga imon keltirib yashaydigan har bir odam abadiy o‘lmaydi.
Iso Masih yerlik hayoti davomida bir necha bor o‘liklarni tiriltirgan. Bu bilan U o‘lim ustidan ham qudratga egaligi, Unga ishongan abadiy o‘lmasligi, ya’ni do‘zaxga bormasligi, jismoniy o‘lsa ham tirilib, Osmon Shohligiga borishini ko‘rsatdi.
21-kun.
PESAX VA RABBIY KEChLIGI
Matto xushxabari 26:20-28.
Shogirdlari Iso aytganidek qilib, Pesah taomini tayyorladilar.
20 Kech tushganida, U o‘n ikki shogirdi bilan birga dasturxon atrofida yonboshladi.
21 Ular taomni yeyayotganlarida, Iso: –Sizlarga rostini aytaman, sizlardan biringiz Menga xiyonat qilasiz, – dedi.
22 Ular o‘ta g‘amga botdilar va ulardan har biri Unga: –Hazrat, o‘sha men emasmi? – deya boshladilar.
23 Iso ularga javob berib, dedi: –Men bilan idishga qo‘lini solayotgan, shu Menga xiyonat qiladi.
24 Holbuki, Inson O‘g‘li U haqida yozilgani bo‘yicha ketmoqda, ammo Inson O‘g‘liga xiyonat qiladigan odamning holiga voy. O‘sha odam uchun uning tug‘ilmagani yaxshiroq bo‘lar edi.
25 Shunda Unga xiyonat qilayotgan Yahudo ham: –Ravviy, o‘sha men emasmi? – dedi. Iso unga: –Sen aytding, – dedi.
26 Ular taomni yeyayotganlarida, Iso nonni olib, duo qildi, uni sindirdi va shogirdlariga tarqatib: “Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir,” – dedi.
27 So‘ng kosani olib, minnatdorchilik bildirdi va uni ularga uzatib, shunday dedi: “Bundan hammalaringiz ichinglar.
28 Chunki bu – ko‘plarning gunohlari kechirilishi uchun to‘kilayotgan Yangi Ahddagi Mening Qonimdir”.
Iso Masih shogirdlaridan biri tomonidan sotilib, qo‘lga olindi. Lekin bu Muqaddas Yozuvda yozilgani bo‘yicha sodir bo‘ldi va Masih buni bilar edi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Uning xochga mixlanishi Pesax bayramiga, ya’ni qo‘zining qoni surtilgan uyda odamlar o‘limdan omon qolganlari nishonlanadigan kunga to‘g‘ri keldi. Pesax – bu “o‘lim chetlab o‘tdi”, demakdir. Buning kunining to‘g‘ri kelgani tasodif emas, aslida birinchi pesax –kelajak Pesax, Masih odamlarning gunohlari uchun qurbon bo‘lishi sharofati bilan Uning tabarruk qoni odamlarning gunohini yuvishi, shu tufayli odamlar gunohning jazosidan qutulib, o‘lim ularni chetlab o‘tishi ramzi edi. Rabbiy kechligida non va sharbat olib shogirdlariga uzatdi va Uning odamzodning gunohi uchun to‘kilgan qoni va parchalangan tanasini eslab turish uchun Rabbiy kechligini nishonlab turishni amr berdi.
22-kun.
MASIHNING XOChGA MIXLANIShI
Luqo xushxabari 23:32-34,39-46.
Iso bilan birga ikkita jinoyatchini ham o‘limga olib borar edilar.
33 «Bosh suyagi» degan joyga kelganlarida, Isoni hamda uning o‘ng va chap tomonida ikkala jinoyatchini xochga mixladilar.
34 Iso esa: “Otam! Ularni kechirgin, chunki ular nima qilayotganlarini bilmaydilar”, – dedi. Shu orada, askarlar qur’a tashlab, Isoning kiyimlarini o‘zaro bo‘lishib olar edilar.
39. Osilgan jinoyatchilardan biri Isoni haqorat qilib unga: –Agar Sen Masih bo‘lsang, qani O‘zingni ham, bizlarni ham qutqar, – dedi.
40 Ikkinchisi esa uni koyib: –Sen o‘zing ham shu jazoga mahkum bo‘la turib, Xudodan qo‘rqmaysanmi?
41 Mana bizlar qilmishimizga yarasha adolatli jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgan emas, – dedi.
42 So‘ng u Isoga: –Hazratim, Shohligingga kelganingda, meni yodga ol, – dedi.
43 Iso esa unga: –Senga rostini aytamanki, bugun sen Men bilan birga jannatda bo‘lasan, – dedi.
44 Soat chamasi oltilar edi, to‘satdan soat to‘qqizgacha butun yer yuzini zulmat qopladi.
45 Quyosh qoraydi va ma’baddagi parda o‘rtasidan yirtilib ketdi.
46 Iso baland ovoz bilan faryod qilib dedi: “Otam! Ruhimni Sening qo‘llaringga topshirayapman”. Shunday deb jon berdi.
Masih odamlarni gunohidan qutqarish uchun keldi. Ularning kechirilishi sharti – kimdir Begunoh ular uchun o‘lishi edi. Masih oxirigacha O‘z da’vatiga sodiq qoldi. Hatto Uni azoblab o‘ldirganlarni azob ustida kechirdi. Buni naqadar og‘irligini his qilish uchun sizga ozor berayotganlarni kechirishga harakat qiling. Xochda mixlab o‘ldirish eng og‘ir jazo bo‘lib, faqat qaroqchi va Rim hokimiyatiga qarshi isyon qilganlargina shu usulda o‘ldirilar edilar. Masih odamzod uchun shunday og‘ir va og‘riqli o‘limni boshidan kechirdi. U bilan bir vaqtda xochga mixlangan jinoyatchilardan biri masxara qilish yuragiga, boshqasi esa tavba yuragiga ega edi. Ikkinchisi o‘sha lahza tavba qilib ulgurdi va Masih bilan jannatga ketishga ulgurdi. Biz ham ilohiy narsalarga nisbatan yuragimizda ehtiromni shakllantirishni o‘rganishimiz lozim. Chunki biz bilmagan haqiqat erta ro‘paramizdan chiqishi va unga bo‘lgan munosabatimiz taqdirimizni hal qilishi mumkin.
23-kun.
MASIHNING KO‘MILIShI
Luqo xushxabari 23:50-56.
50. U yerda Kengash a’zolaridan Yusuf ismli yaxshi va haq kishi bor edi.
51 U yahudiylarning Arimateya shahridan bo‘lib, Xudoning Shohligini kutib yurar edi. U ularning qarorida ham, ishida ham ishtirok etmagan edi.
52 Yusuf Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini so‘radi.
53 Keyin esa Uni xochdan tushirib olib, kafanga o‘radi va qoyada o‘yilgan, hali ichiga hech kim qo‘yilmagan qabrga qo‘ydi.
54 Bu juma kuni bo‘lib, shabbat kuni endi boshlanayotgan edi.
55 Galiliyadan Iso bilan birga kelgan ayollar ham ergashib borib, qabrni va jasad qanday qo‘yilganini ko‘rdilar.
56 Qaytib kelgach, atirlar va xushbo‘y moylar tayyorladilar. Shabbat kuni esa amr bo‘yicha dam oldilar.
Ba’zilar: “Iso Masih o‘lmagan, tiriklayin Xudo oldiga ko‘tarilgan”, deydilar. Bu bilan Xudoning So‘zini inkor qiladilar. Agar Masih o‘lmaganida edi, Uning yerga kelishi behuda bo‘lgan bo‘lar edi. Chunki U aynan gunohi uchun o‘limga mahkum odamzodning o‘rniga o‘lib, ularni Ruhda qayta tiklab Osmon Shohligiga olib ketish uchun yerga kelgan edi. Ba’zilarni: “Men o‘lsam kim ko‘madi?”- degan savol qiynaydi. O‘lganimizda jasadimiz qayga borishi emas, balki jonimiz qaerga borishi muhimroq bo‘lib qoladi. Chunki tirnoq kesilganidan, soch olinganidan so‘ng qaerga borishi ahamiyatsiz bo‘lgani kabi jonimiz tanamizdan chiqqanidan so‘ng, tanamiz qaerga borishini emas, o‘zi qaerga borishini o‘ylab halak bo‘ladi. Muqaddas Yozuvda yozilishicha haq odamlarning va gunohida o‘lgan odamlarning hukm kunini kutish maskani boshqa boshqa. Albatta, har bir jon haq odamlar kutadigan joyga borishni istaydi. Chunki u yerda umid, tinchlik bor. Gunohkorlar joni boradigan joy esa umidsizlik, zimiston bo‘lgan joydir. Jismimizga qaytsak, Masih o‘lganida go‘yo U yolg‘iz qolgan edi, lekin Xudo kelib Uning jasadini oladigan va boylarga xos ko‘madigan odamlarni topdi. Siz ham Xudoga ishoning, Xudo ruhingiz va joningiz qaerga borishini ham ta’minlaydi, tanangiz haqida ham g‘amxo‘rlik qiladi.
24-kun. MASIHNING TIRILIShI
Matto xushxabari 28:1-8.
Shabbat kunidan so‘ng, haftaning birinchi kuni tong paytida magdalalik Maryam boshqa Maryam bilan qabrni ko‘rish uchun keldilar.
2 Mana, kuchli zilzila bo‘ldi, chunki samodan tushgan Xudoning farishtasi kelib qabr og‘zidagi toshni ag‘darib tashladi va uning ustiga o‘tirdi.
3 Uning ko‘rinishi xuddi chaqmoqdek, uning libosi esa xuddi qordek oppoq edi.
4 Undan qo‘rqib ketib, qo‘riqchilar titradilar va murdadek bo‘lib qoldilar.
5 Farishta esa ayollarga so‘zlab dedi: “Qo‘rqmanglar, zero sizlar xochga mixlangan Isoni izlayotganingizni bilaman.
6 U bu yerda yo‘q. O‘zi aytganidek, qayta tirildi. Kelinglar, Rabbiy yotgan joyni ko‘ringlar.
7 Endi tezda borib, shogirdlariga Uning o‘liklardan tirilganini va sizlarni Galiliyada kutayotganini aytinglar. O‘sha yerda Uni ko‘rasizlar. Mana, men sizlarga aytdim”.
8 Ayollar esa buyuk quvonch va qo‘rquv bilan qabrdan shoshilib chiqib, Uning shogirdlariga xabar bergani yugurib ketdilar.
Masihning tug‘ilishi ham, hayoti ham, o‘lib, tirilishi ham ruhiy dunyo o‘zini namoyon qilishi hamrohligida bo‘ldi: farishtalar so‘zlaydilar, harakat qiladilar, zilzila va boshqalar. Masih tirildi va Osmonga ko‘tarildi! Bu haqida ham farishtalar guvohlik berdilar!
25-kun.
ISO MASIHNING 2-BORA KELIShI VA’DASI
Havoriylar faoliyati 1:1-11.
1.Hurmatli Teofil, men birinchi kitobda Isoning eng boshidan to osmonga ko‘tarilgan kunigacha o‘rgatgan va qilgan hamma ishlari haqida yozgan edim.
2 U ko‘tarilishidan oldin, O‘zi tanlagan havoriylarga Muqaddas Ruh bilan amrlar berib,
3 ularga O‘z azob-uqubatidan keyin O‘zini tirik namoyon qildi. U qirq kun davomida ko‘p aniq dalillar bilan havoriylarga zohir bo‘lib, ularga Xudoning Shohligi haqida so‘zladi.
4 So‘ngra ularni yig‘ib, ularga buyurdi: –Yerusalimdan ketib qolmanglar, lekin Mendan eshitganlaring, Otam va’da qilganni kutib turinglar.
5 Zero Yahyo suvga cho‘mdirgan edi, ammo sizlar bir necha kundan keyin Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar.
6 Shuning uchun ular yig‘ilgach, Undan so‘radilar: –Rabbiy! Isroilning Shohligini shu vaqtda tiklaysanmi?
7 Iso esa ularga dedi: –Ota O‘z hokimiyati ostida qo‘ygan vaqtlar va muddatlarni bilish sizlarning ishingiz emas.
8 Ammo Muqaddas Ruh sizlarning ustingizga tushib kelganida, sizlar kuch-qudrat olasizlar va Yerusalimda, butun Yahudiyada, Samariyada hamda yerning hududlarigacha Mening guvohlarim bo‘lasizlar.
9 Bularni aytgach, Iso ularning ko‘z o‘ngida osmonga ko‘tarildi va bulut Uni ularning nazaridan olib ketdi.
10 Iso ko‘tarilayotganida havoriylar osmonga qarab turganlarida, mana, oq kiyimli ikki erkak ularning oldilarida zohir bo‘lib,
11 ularga: “Galiliya erkaklari! Nega sizlar osmonga tikilib turibsizlar? Sizlarning oldingizdan osmonga olingan shu Iso, osmonga qanday ko‘tarilganini ko‘rgan bo‘lsangiz, xuddi shunday keladi”, – deb aytdilar.
Farishtalar bu daf’a ham Masihga guvoh bo‘ldilar: “Qanday ko‘tarilgan bo‘lsa, shunday keladi!”
Iso Masih yerdaligida O‘zi shogirdlariga g‘amxo‘rlik qilar edi. Ketayotganida esa ularni yolg‘iz tashlab ketmadi. Balki Muqaddas Ruhni yubordi. Muqaddas Ruh, ya’ni Xudoning Ruhi ularga Yupatuvchi va Ustoz bo‘lishi kerak edi. Muqaddas Ruh huzurida ular nafaqat oddiy imonlilar bo‘lishlari, balki Uning kuchida g‘ayritabiiy hayot va xizmatga ega bo‘lishlari lozim edi.
Shogirdlar Masihning so‘ziga binoan ibodatda Muqaddas Ruhni kutdilar. Shunda va’da qilingan Muqaddas Ruh tushdi va ular Xudoning qudrati bilan Masih kabi mo‘’jizalar va alomatlar qila boshladilar.
Havoriylar faoliyati 2:1-4, 41- 43.
“Elliklik” kuni kelganida, ularning hammalari yakdillik bilan birga edilar.
2 To‘satdan osmondan xuddi kuchli shamol bo‘lgandek shovqin keldi va ular o‘tirgan uyni butunlay to‘ldirdi.
3 Ularga olov kabi bo‘linayotgan tillar zohir bo‘lib, ularning har birining ustiga bittadan qo‘ndi.
4 Shunda ularning hammalari Muqaddas Ruhga to‘ldilar va Ruh ularga berayotgan iboralar bilan boshqa tillarda gapira boshladilar.
41.Shunda uning so‘zini quvonch bilan qabul qilganlar cho‘mdirildilar. O‘sha kuni havoriylarga uch mingga yaqin jon qo‘shildi.
42 Shunday qilib, ular doimo havoriylarning ta’limotida, muloqotda, non sindirishda va ibodatlarda bo‘lar edilar.
43 Har bir jonda qo‘rquv bor edi. Havoriylar orqali esa Yerusalimda ko‘p mo‘’jizalar va alomatlar amalga oshirilar edi.
26-kun
Xo‘sh, Muqaddas Yozuvda yozilishi bo‘yicha, bizlarni kelajakda nima kutyapti?
1Fessalonikaliklarga 4:13-18.
13.Endi, birodarlar, men sizlarni o‘lganlar haqida bilimsiz qoldirishni istamayman, toki umidga ega bo‘lmagan boshqa odamlarga o‘xshab, sizlar g‘amgin bo‘lmanglar.
14 Agar biz Isoning o‘lib tirilganiga ishonsak, xuddi shunday, Xudo Isoda o‘lganlarni ham U bilan birga olib keladi.
15 Buni sizlarga Rabbiyning So‘zi bilan aytayapmiz: biz tiriklar, ya’ni Rabbiyning kelishiga qadar qolganlar, o‘lganlardan oldin bormaymiz.
16 Chunki Rabbiyning O‘zi buyuk nido paytida, bosh farishtaning sadosi va Xudoning karnayi ovozi bilan osmondan tushadi, shunda Masihda o‘lganlar bizdan oldin tiriladilar.
17 Keyin esa biz, tirik qolganlar ular bilan Rabbiyni havoda kutib olish uchun bulutlarda olib ketilamiz. Shunday qilib, hamisha Rabbiy bilan birga bo‘lamiz.
18 Shuning uchun ana shu so‘zlar bilan bir-biringizni yupatinglar.
Demak, oxirat kelganida Iso Masih yerga 2-bora tushib keladi.
27-kun.
Iso Masih yerga 2-bora tushib kelganidan so‘ng nima bo‘ladi?
Yuhanno 5:22-24.
22. Chunki Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki bor hukmni O‘g‘ilga bergan,
23 toki hamma Otani hurmat qilganidek, O‘g‘ilni ham hurmat qilsin. Kim O‘g‘ilni hurmat qilmasa, Uni yuborgan Otani ham hurmat qilmaydi.
24 Rostini, sizlarga rostini aytaman, Mening so‘zlarimga quloq soladigan va Meni Yuborganga ishonadigan odam abadiy hayotga ega bo‘ladi va sudga kelmaydi, biroq o‘limdan hayotga o‘tadi.
Iso Masih yerga 1-marta odamzodga najot berish uchun kelgan edi, 2-marta esa hukm qilish uchun keladi. Hukm kunida Iso Masih har bir kishining gunohlarini ko‘rsatib aybdorligini isbotlab beradi. Masihga ishonganlarning gunohi esa Uning qoni bilan yuvilgani uchun bu odamlar sudga kelmaydi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri abadiy hayotga o‘tadi. So‘ng kimdir abadiy Xudoning Shohligida Xudo bilan yashaydi, kimdir esa abadiy do‘zaxga ketadi.
28-kun.
Jannatning tasviri
Vahiy 21:18-27.
18.Uning devori olmosdan qurilgan edi, shaharning o‘zi esa tiniq shishaga o‘xshash sof oltin edi.
19 Shahar devorining poydevorlari har xil qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Birinchi poydevor – olmos, ikkinchisi – zangori yoqut, uchinchisi – aqiq, to‘rtinchisi – zumrad,
20 beshinchisi – targ‘il aqiq, oltinchisi – la’l, yettinchisi – zabarjad, sakkizinchisi – firuza, to‘qqizinchisi – topaz, o‘ninchisi – yashil aqiq, o‘n birinchisi – lojuvard, o‘n ikkinchisi – safsar yoqut edi.
21 O‘n ikkita darvoza esa – o‘n ikkita marvariddir. Har bir darvoza bir marvariddan iborat edi. Shaharning ko‘chalari tiniq shishadek sof oltin edi.
22 Men ushbu shaharda ma’bad ko‘rmadim, chunki Rabbiy Qodir Xudo va Qo‘zi – uning ma’badidir.
23 Shahar yoritilish uchun quyoshga ham, oyga ham muhtoj emas, chunki Xudoning shuhrati uni yoritadi, Qo‘zining O‘zi – uning chirog‘idir.
29-kun.
Kimlar bu shaharga kiradilar va kimlar kirmaydilar?
Vahiy 21:24-27.
24 Najot topgan xalqlar uning nurida yuradilar. Yer yuzidagi podshohlar o‘z shuhratu izzat-ikromini unga olib keladilar.
25 Uning darvozalari kun bo‘yi qulflanmaydi, tun esa u yerda bo‘lmaydi.
26 Ushbu shaharga xalqlarning shuhratu izzat-ikromini olib keladilar.
27 Hech bir nopok narsa va jirkanchlik hamda yolg‘onga berilgan hech kim unga kirmaydi. Faqatgina Qo‘zining hayot kitobida yozilganlar kiradilar.
30-kun
Hayot daraxtiga yo‘l tiklandi
Ibtido kitobida Odam Ato va Momo Havo gunoh qilganlarida endi ular hayot daraxtidan mahrum bo‘lganlari bayon qilingan edi.
Ibtido 3: 22-23.
So‘ngra Rabbiy Xudo: “Mana, odam yaxshilik va yomonlikni bilib, Bizlarning birimizdek bo‘ldi. Endi qo‘lini cho‘zib, hayot daraxtining mevasidan ham olmasin va uni yeb, abadiy yashamasin!” – dedi.
23 Shunday qilib, Rabbiy Xudo, odamni o‘zi olingan yerga ishlov berishi uchun Adan bog‘idan chiqarib yubordi.
24 U odamni haydab yuborgach, hayot daraxtiga boradigan yo‘lni qo‘riqlash uchun Adan bog‘ining sharq tomoniga karubni va aylanadigan alangali qilichni qo‘ydi.
Vahiy kitobida esa hayot daraxtiga yo‘l qayta ochilgani bayon qilinmoqda:
Vahiy 22:6-21.
6.U menga dedi: “Bu so‘zlar haqiqiy va ishonchlidir! Muqaddas payg‘ambarlarning Rabbiy Xudosi yaqinda nima bo‘lishini o‘zining qullariga ko‘rsatish uchun o‘z farishtasini yubordi.
7 Mana, Men tezda kelaman. Bu kitobning bashorat so‘zlariga rioya qiladigan baxtlidir!”
8 Men, Yuhanno, bularni ko‘rdim va eshitdim. Bularni ko‘rib eshitganimda esa, menga bularni ko‘rsatgan farishtaga sajda qilish uchun uning oyog‘iga yiqildim.
9 Lekin u menga: “Aslo bunday qilma, chunki men senga va sening birodarlaring payg‘ambarlarga hamda bu kitobning so‘zlariga rioya qiladiganlarga hamkorman. Xudoga sajda qilgin”, – dedi.
10 So‘ng menga dedi: “Bu kitobning bashorat so‘zlarini muhrlama, chunki vaqt yaqindir.
11 Nohaq odam yanada nohaqligini qilaversin, nopok odam esa yanada bulg‘anaversin, haq odam yanada haqlik qilaversin va muqaddas yanada muqaddaslanaversin.
12 Mana, tezda kelaman! Har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlash uchun qarimtam O‘zim bilan birgadir.
13 Men Alfa va Omegaman, Boshlanish va Tugashman, Birinchi va Oxirgidirman!
14 Hayot daraxtidan tatish huquqini qo‘lga kiritish va shaharga darvozalar orqali kirish uchun o‘z kiyimini yuvadiganlar baxtlidirlar!
15 Itlar va sehrgarlar, fohishalar va qotillar, butparastlar va yolg‘onni mamnunlik bilan amalga oshiruvchilar esa tashqaridadirlar.
16 Men, Iso, bu haqida jamoatlarga guvohlik berish uchun sizlarga O‘z farishtamni yubordim. Men Dovudning ildizi va avlodiman, tonggi va porloq yulduzman!”
17 Ruh va kelin: “Kelgin!” – demoqda. Eshitganlar ham: “Kelgin”, – desinlar. Chanqagan kelsin va istagan hayot suvini tekin olsin.
18 Ushbu kitobning bashorat so‘zlarini eshitadigan har bir kishiga men ham guvohlik beraman: Kimki bularga biror narsani qo‘shsa, Xudo unga bu kitobda yozilgan yaralarni qo‘shadi.
19 Kimki bu bashorat kitobining so‘zlaridan birortasini olib tashlasa, Xudo uni bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan va muqaddas shahardan mahrum qiladi.
20 Bularga guvohlik Beruvchi: ”Mana, tezda kelaman!” – deydi. Omin! Kela qolgin, yo, Rabbiy Iso!
21 Rabbimiz Iso Masihning inoyati barchalaringiz bilandir. Omin.
Ba’zilar: “Muqaddas Yozuv o‘zgartirilgan”, deb kitob ahliga tuhmat qilishadi. Muqaddas Yozuv esa buning iloji yo‘qligini bayon qiladi. Avvalo, Eski Ahdda Muqaddas Yozuv faqat ruhoniylarning qo‘llarida bo‘lgan. Ruhoniylar Xudodan qo‘rqadigan, Xudo huzuriga kiradigan odamlar bo‘lgan. Ular Xudodan qo‘rqishgan, Xudoning So‘zini o‘zgartirishdan ularga hech qanday foyda bo‘lmagan. Boz ustiga, Xudoning So‘zi 3 darchadan ichkariga, “Muqaddaslar Muqaddasi” deb atalgan makonda saqlangan. Bu yerga faqat oliy ruhoniy bir yilda bir marta o‘ta poklanib kirgan. Agar unda biror gunoh topilsa, shu lahzada u Xudo huzurida o‘lgan. Shu uchun kirishidan oldin oyog‘iga qo‘ng‘iroq bog‘langan, agar unda gunoh topilib, Xudo uni o‘ldirsa, qo‘ng‘iroq jiringlamay qolgan va uni oyog‘iga bog‘langan arqon bilan tortib chiqarishgan.
Xudoning So‘zini faqat levitlar ko‘tarib yurishlari lozim bo‘lgan. Bir bora Xudoning So‘zi solingan sandiq bir joydan boshqa joyga ko‘chirilayotganida, sandiq egilgani uchun levit bo‘lmagan kishi uni tutib qolay deb qo‘l cho‘zganida uning bu harakati uchun Xudo urib o‘lgan.
2Shomuil 6:6-7.
6.Nahonning saroyiga yetib kelganlarida, Uzzah Xudoning sandig‘iga qo‘lini uzatib, uni ushlab qoldi, chunki buqalar uni egib qo‘ygan edi.
7 Lekin Rabbiy Uzzahdan g‘azablanib, o‘sha joyda uni o‘zboshimchaligi uchun shikastladi va u o‘sha joyda Xudoning sandig‘i oldida o‘ldi.
So‘ngra levitlar Ahd sandig‘ini qoidasiga ko‘ra yelkalarida ko‘tarib, qurbonliklar bilan ko‘chirib o‘tkazganlar.
Yangi Ahd davrida 1asrdanoq Yangi Ahd kitoblari yozila boshlagan. Ular yozilganidan jamoatlarga tarqatilgan va turli nusxalarda tarqalib ketgan. Agar ular o‘zgartirilganida bir-biriga to‘g‘ri kelmas edi, lekin Muqaddas Yozuvning turli joylarda topilgan ilk nusxalari hammasi bir-biriga to‘g‘ri kelishi uning o‘zgartirilmagani isbotidir.
Turli asrlarda, turli arxeologik qazilmalar yordamida topilgan Muqaddas Yozuvning turli kitoblari ham bizlarda bo‘lgan Muqaddas Yozuvdagi matnga to‘g‘ri kelgan.
Xo‘sh, Muqaddas Yozuvni o‘zgartirish kimga kerak? -degan savol tug‘iladi. Imonsizlargami? Ularga buning qizig‘i yo‘q va ularning bunga qo‘li yetmagan. Imonlilargami? Ular Xudoning So‘ziga biror narsa qo‘shish yoki olish mumkin emasligidan ogohlantirilgan bo‘lganlar, o‘zlarini bunday mahkumlikka duchor qilish ularga nima kerak?
Xudo So‘ziga biror narsa qo‘shganlar yoki undan olib tashlaganlarni jazolashi haqida ogohlantirishi Yangi Ahdning oxirga kitobida berilgan. Ungacha o‘zgartirilgan bo‘lsa-chi?-deyishingiz mumkin. Yo‘q, Eski Ahdda ham bu amr berilgan edi. Mana:
Qonunning takrorlanishi 4:2. Sizlarga amr berayotgan so‘zlarimga hech narsa qo‘shmanglar va undan olib tashlamanglar. Men sizlarga amr berayotgan Rabbiy Xudoyingizning amrlarini bajaringlar.
Qonunning takrorlanishi 12:32. Men sizlarga amr berayotgan hamma narsani bajarishga harakat qilinglar, unga qo‘shmanglar ham, undan olib tashlamanglar ham.
Hikmatlar 30:5-6. Xudoning har bir so‘zi pokdir. Unga umid qiladiganlarga U qalqondir.
6 Uning so‘zlariga qo‘shma, toki U seni fosh qilmasin va sen yolg‘onchi bo‘lib chiqmagin.
Axiyri, Xudoning So‘zi o‘zgartirilgan degan odam Xudoni O‘z So‘zini himoya qila olmaydigan zaif deb ta’riflagan bo‘ladi. Bu esa KUFRI AZIMDIR! Siz ham shunday so‘z eshitgan bo‘lsangiz va kimlarningdir bilmay aytgan so‘zlariga o‘ylamasdan sherik bo‘lgan bo‘lsangiz zudlik bilan tavba qiling, toki bu kufrning la’nati sizni va avlodlaringizni shikastlamasin.
Xulosa:
Agar oltin uzuk olsangiz nima qilasiz? Zargarga olib borib, haqiqiy yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rasiz. Nega? Chunki qimmatbaho narxga sotib olyapsiz. Aldansangiz pulga kuyasiz. Abadiy hayot esa vaqtinchalik qimmatbaho toshdan naqadar qimmat. Axir abadiyatda qaerda yashashimiz hal bo‘lmoqda. Dunyoda milliardlab dinlar borligining o‘zi asldan ko‘ra soxta dinlar ko‘pligini ko‘rsatib turibdi. Har bir kishining o‘z tanlagan yo‘li to‘g‘ri ekaniga qanday ishonchi komil bo‘lishi mumkin? Sidqidildan Xudoga murojaat qilish orqali. Masalan, men Xudoga shunday murojaat qilganman: “Xudojon. Men umrbod diniy qoidalarga rioya qilib, axiyri yo‘lim noto‘g‘ri bo‘lib chiqishini istamayman. Menga haqiqiy Xudoga olib boruvchi haqiqiy yo‘l kerak. Menga haqiqatingni ochgin va Sening oldingga, Osmon Shohligiga olib boruvchi yo‘lni ko‘rsatgin. Omin”.Siz ham sidqidildan Xudoga murojaat qiling va chin yurakdan murojaat qilsangiz U albatta O‘zini ochadi.
Diqqat qiling: Masihni Najotkor deb qabul qilishimizning ham oqibati bor, qilmasligimizning ham. Masihning bokiradan g‘ayritabiiy tug‘ilishi, g‘ayritabiiy hayoti va g‘ayritabiiy tirilishi Uning Xudodan kelganining isbotidir.
Iso Masihning Najotkorligiga ishonganimizda keladigan barakalar:
Rim.8:11. Agarda Isoni o‘liklardan tiriltirgan Xudoning Ruhi sizlarda jo bo‘lsa, unda Masihni o‘liklardan Tiriltirgan sizlarda jo bo‘lgan O‘z Ruhi bilan sizlarning o‘limli badanlaringizni ham tiriltiradi.
Rim.10:9. Shunday qilib, agar sen Isoni Rabbim deb, o‘z og‘zing bilan e’tirof etsang va Xudo Uni o‘liklardan tiriltirganiga o‘z yuraging bilan ishonsang, najot topasan.
Yuh.3:16-18. Chunki Xudo dunyoni shunchalik sevdiki, O‘zining Yagona O‘g‘lini berdi, toki Unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin.
17 Zero Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki O‘z O‘g‘li orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi.
18 Unga ishongan odam hukm qilinmaydi, ishonmagan odam esa allaqachon hukm qilingan, chunki Xudoning Yagona O‘g‘lining nomiga imon keltirmadi.
Agar gunohingiz Masih qoni bilan yuvilib, sizga Muqaddas Ruh quyilishini, Xudo bilan munosabatingiz tiklanishini istasangiz, quyidagi tavba ibodatini qiling.
Tavba qilish ibodati: Xudojon. Iso Masih mening gunohlarim uchun qurbon bo‘lgan ekan. Men gunohkorman. Gunohlarimni Iso Masihning qoni bilan yuvgin va menga Muqaddas Ruhingni quygin. Hayotimda shaytonning barcha ishlari va rejalarini barbod qilgin, Xudoning ishlari va rejalarini amalga oshirgin. Iso Masih nomi bilan: Omin.
Agar siz tavba ibodatini qilgan bo‘lsangiz, samoda sizning sharafingizga farishtalar bazm qilishyapti(Lq.15:7). Chunki gunoh tufayli yo‘qolgan edingiz, endi tavba va to‘g‘ri yashash va’dasi orqali Xudoning oldiga qaytdingiz!
Endi ibodatda va Muqaddas Kitobni o‘qish orqali har kuni tongingizni Xudo bilan boshlashga harakat qiling. Ibodatda Xudo O‘zini ochishini, Uning nazarida qanday ekanligingizni ko‘rsatishini, hayotingizda qanday maqsadlari borligini ochishini so‘rang; muqaddas yashash uchun istak va harakat so‘rang, So‘zi orqali yuragingizga so‘zlashini so‘rang. Muqaddas Yozuvni o‘qiyotganingizda esa Xudo O‘zi haqida, odamlar haqida nima deyayotganiga e’tibor berishga harakat qiling, hayotingizda qanday qo‘llash mumkinligi haqida o‘ylang va qaror qiling. Yodda tuting: Xudo Uning So‘zini o‘qib bajaruvchilarga 5barakani va’da bermoqda! Hammamiz bu barakalarga muhtojmiz, lekin naqadar to‘kis olamiz o‘zimizga bog‘liq. O‘sha besh baraka quyidagilardir:
1)Donolik, 2)Muvaffaqiyat.
Yeshua 1:8. Ushbu qonun kitobi og‘zingdan tushmasin; balki uni tunu kun o‘rgangin, toki unda yozilganlarni aniq bajargin. Shunda o‘z yo‘llaringda muvaffaqiyatli bo‘lasan va dono harakat qilasan.
3)Uzoq umr, yangi maydonlar, ko‘payish.
Qonunning takrorlanishi 8:1. Men bugun sizlarga buyurayotgan barcha amrlarni bajarishga harakat qilinglar, toki sizlar hayot bo‘linglar va ko‘payinglar; borib, Rabbiy sizlarning otalaringizga qasam ichib va’da bergan yerni egallanglar.
Men esa sizlarni duo qilib qolaman:
“Xudojon. O‘zing bandalaringni haqiqat yo‘liga boshla. O‘zingni och, irodangni och, har bir kishi bu dunyoda Seni tanib-bilib, gunohlaridan poklanib, da’vatini anglab va bajarib, bu dunyoda Sening huzuring, himoyang, barakang ostida yashab, u dunyoga ko‘plab hosillar bilan kelishiga yordam bergin, toki Sening noming hayotimizda ulug‘lansin va har birimiz g‘olibona yashaylik. Iso Masih nomi bilan: Omin!”
Muqaddas Ruh, ibodat orqali Xudo bilan shaxsiy munosabatlar, Muqaddas Yozuvni o‘rganib, bajarib yashash hayot tarzingizga aylansa – Xudo doim sizga hamroh bo‘ladi. Zero U aytgan: “Xudoga yaqinlashinglar va U sizlarga yaqinlashadi!”(Yoqub 4:4).
Zero Xudo odamzodni yaratishidan maqsad ham shudir: har bir kishi Xudoni izlashi.
Havoriylar faoliyati 17:26-27.
26.Butun yer yuzida istiqomat qilish uchun Xudo bir qondan bor odam naslini yaratib, ularga oldindan belgilangan davrlarini va istiqomat joylarini tayin etdi,
27 toki ular Xudoni izlasinlar, Uni sezmasmikinlar va topa olmasmikinlar, chunki U har birimizdan yiroq emasdir.
Qanday Muqaddas Yozuvga binoan yashash, Muqaddas Ruh hamrohligida yashash va Shaxsiy munosabatlar ibodati orqali Xudoni izlashni bilmasangiz Muqaddas Yozuvni o‘rganishni boshlang, Uni o‘zi sizga bularni o‘rgatib qo‘yadi. Shuningdek, “Shogirdlarga” qutisida siz bularni o‘rgatadigan darslar bilan tashishingiz mumkin. Ruhda o‘sish uchun avvalo Xudo bilan So‘zini o‘qib, bajarish orqali, ibodat orqali suhbatda bo‘ling; so‘ngra imonli do‘stlar topib jamoatda suhbatda hamda xizmatda bo‘ling. Shunda Masih kelgan vaqtida Masih olib ketadigan odamlar orasida bo‘lasiz!
Xudo xohlasa, Uning Shohligida uchrashguncha!
RUXSHONA INOYAT